5-dekabr kuni Samarqandda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Leonid Zaysev hamraisligida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 10-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbirda sanoat kooperatsiyasi, transport aloqasi, qishloq xo‘jaligi, hududlararo sheriklik, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar hamkorlik kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xususan, savdo va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan konstruktiv fikr almashish doirasida investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish yo‘nalishida 2024−2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi"ni va tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron tizimidan foydalanish to‘g‘risida bitim ishlab chiqish bo‘yicha rejalar kelishildi.

Qurilish materiallari, farmatsevtika mahsulotlari, mebel, trikotaj va charm-mo‘yna mahsulotlari ishlab chiqarish muhokama qilindi. Oziq-ovqat, kartoshkachilik, chorvachilik, baliqchilik va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlari qayd etildi.

Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik doirasida O‘zbekistonda Belarus tibbiyot muassasalarining ikkita filialini tashkil etish, innovatsiyalar bilan almashish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishildi.

Shu bilan birga, dori vositalarini o‘zaro yetkazib berish va birgalikda ishlab chiqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, malaka oshirish dasturlarini joriy qilish, oliy o‘quv yurtlari va sog‘liqni saqlash tizimining hududiy boshqarmalarida stajirovka va akademik almashinuv kurslarini tatbiq etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Hukumatlararo komissiyasi 10-yig‘ilishining yakuniy bayonnomasi hamda o‘simliklar karantini sohasida axborot tizimlarini integratsiyalash to‘g‘risidagi bayonnoma imzolandi.