Toshkent shahar hokimligi oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlarida rekonstruksiya ishlari boshlanayotganligi va qurilish rejalarini e’lon qildi.

Rekonstruksiya ishlari sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning sanitariya-gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsadida boshlanayotgani aytib o‘tilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ishlarning birinchi bosqichi, poytaxtdagi barcha bozorlarga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori (Qo‘yliq bozori)dan boshlanadi.

Ta’mirlash davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini “Food city”, “Tashkent Index” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinmoqda. Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar esa ushbu majmualarda ish bilan ta’minlanadi.

Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi.

Shuningdek, savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.

“Aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida „Qo‘yliq“ massividan bozor hududigacha yo‘l kira haqqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi” — deyiladi xabarda.