Avvalroq davlat rahbari tomonidan ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha dastur tasdiqlangandi.

Hujjat bilan, 8-yanvar kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda ilgari surilgan vazifalar belgilab berilgan. Xususan, “100 ming eksportchi dehqon” qishloq xo‘jaligi dasturini yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Yuqori qiymatli eksportbop mahsulotlar yetishtirishni yo‘lga qo‘yishda dehqon xo‘jaliklariga ko‘maklashiladi. Loyiha tashabbuskorlariga “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kreditlar ajratiladi.

Bunda 100 mln so‘mgacha bo‘lgan mablag‘lar garovsiz beriladi, 100−150 mln so‘m miqdoridagi kreditlarning garov talabi esa 50%gacha pasaytirilgan holda taqdim etiladi. Shuningdek, 1,5 mlrd so‘mgacha lizing xizmatlari ko‘rsatiladi.

Yirik tomorqa yer egalarining suv chiqarish, kichik texnikalar xarid qilish va oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi loyihalariga ajratiladigan kreditlarning 50% qismi bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan katta hajmli sovitkichli omborlarni tashkil etish xizmatlar ipotekasi dasturi doirasida amalga oshiriladi. Buning uchun 7 yil muddatga “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish” kompaniyasidan 10 mlrd so‘mgacha mablag‘ jalb qilish mumkin bo‘ladi.

Eksportbop mahsulotlar yetishtirish uchun 1 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari onlayn auksionga qo‘yiladi. Yil oxirigacha 15 ming gektar yerni shu tarzda taqsimlash rejalashtirilgan.

Shuningdek, investitsiya loyihalarini maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida joylashtirishni tezlashtirish vazifasi qo‘yildi. Ular uchun 2021-yildan ajratilgan 3,2 trln so‘mga qo‘shimcha ravishda infratuzilma uchun 1,5 trln so‘m budjet investitsiyalari yo‘naltiriladi.

1-martga qadar istiqbolli loyihalar ro‘yxatini joylashtirish uchun hukumat investitsiya komissiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va Savdo-sanoat palatasi loyiha tashabbuskorlariga hamrohlik qilish va sotish bozorlarini topishda yordam berishi belgilandi.

Avvalroq qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga olish huquqini boshqa shaxslarga o‘tkazishga ruxsat berilgani ma’lum qilingandi.