Joriy yilning 8-yanvarida prezident aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga qaratilgan takliflar bilan tanishgandi.

Shavkat Mirziyoyev 9-yanvar kuni ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha yillik dasturni tasdiqladi.

Maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2024-yilda 5 mln kishini doimiy, mavsumiy yoki vaqtinchalik ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, mikromoliyalashni kengaytirish va boshqa turdagi moliyaviy xizmatlarni joriy etish orqali 2 mln fuqaroni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish rejalashtirilgan.

Xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilingan $274,5 mln mablag‘ biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Yana 83 trln so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha $6,68 mlrd) mahalliy manbalar hisobidan ajratiladi.

Shundan 41 trln so‘mi kichik tadbirkorlarga kredit ajratish uchun, 40 trln so‘mi esa mikromoliyaviy xizmatlar uchun yo‘naltiriladi.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish” kompaniyasi tomonidan kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga 1,5 trln so‘m ajratiladi.

O‘z o‘zini band qilganlarni tadbirkorlikka o‘tkazish uchun banklar tomonidan 1 trln so‘m ajratiladi. Ijtimoiy soliq to‘lovchi o‘z o‘zini band qilganlarga “Biznesga birinchi qadam” kartalari taqdim etilib, 5 mln so‘mgacha mikrokreditlar ajratiladi.

Kamida 6 oy faoliyat yuritgan kichik korxonalarga ham mikrokreditlar ajratiladi. Buning sharti bank hisoblari va kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirgan bo‘lish kerak.

Biznesni rivojlantirish banki o‘z o‘zini band qilganlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ajratilgan garovsiz kreditlarning yarmini (100 mln so‘mgacha) o‘z kartalariga o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, Biznesni rivojlantirish bankiga ikki oy ichida “Mening biznesim” onlayn platformasini ishga tushirish topshirildi. U orqali quyidagilar tashkil etiladi:

  • ish tajribasiga ega bo‘lmagan fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish;
  • aholiga biznesni boshlash uchun kreditlar berish;
  • faoliyatini boshlagan tadbirkorlarga mahsulotini sotish va xizmatlar ko‘rsatish uchun bozorlarni topishga ko‘maklashish.

2025-yilgacha fuqarolarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"dan ishga qabul qilgan ish beruvchilar, agar har bir oy uchun ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan darajada hisoblasa, daromad solig‘ining 50%i qoplab beriladi. Kompensatsiyaning maksimal miqdori BHMning 2 barobaridan (680 ming so‘m) oshmasligi kerak.

Avvalroq O‘zbekistonda “sanoat ipotekasi” dasturini ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.