O‘zbekistonda Janubiy Koreya bilan IT bo‘yicha maxsus universitet tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikda “Korea Software Industry” assotsiatsiyasi raisi Chong Ok-Rae boshchiligidagi mamlakat IT-kompaniyalari vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar IT-ta'limni rivojlantirish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va IT-kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Xususan, O‘zbekistonda maxsus IT universitet tashkil etib, amaliyotga asoslangan ta’lim berish orqali yoshlarni Koreya IT-bozorida yuqori talabga ega bo‘lgan kasblarga o‘qitish taklifi bildirildi.

Shu bilan birga, Koreya kompaniyalarida amaliyot o‘tash imkoniyatini taqdim etish hamda Koreya va boshqa mamlakatlarga IT-xizmatlarini eksport qilishni yo‘lga qo‘yish muhokama qilindi.

Korea Software Industry” assotsiatsiyasi 1988-yilda tashkil etilgan. Unga Koreyadagi 1200ta IT va dasturiy ta’minot kompaniyalari a’zo.

Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar mamlakat universitetiga o‘qishga jalb qilinadi. Til sertifikati asosida Geoje universitetida ikki yil tahsil olgan fuqarolarga bakalavr diplomi beriladi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning Sonmun universiteti Sirdaryoda o‘z filialini ochishi ma’lum qilingandi. Dastlabki bosqichda darslar IT va sun’iy intellektga asoslangan 5ta yo‘nalishda tashkil etiladi.

Shuningdek, Koreyaning Woosong universiteti o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlar joriy qilmoqchi. bu bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolangan.