Sirdaryoda Janubiy Koreyaning Sonmun universiteti filiali ochiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Universitet prezidenti Son Je Mun boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Son Je Mun Sirdaryoda universitet filialini tashkil etish taklifini bildirdi. Viloyat rahbariyati oliygoh faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Guliston shahri tanlanganini ma’qulladi.
Ta’lim muassasasi filialida dastlab IT va sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan 5ta yo‘nalishda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, filialni sanoat tarmoqlariga tayyor mutaxassislarni tayyorlovchi ta’lim klasteriga aylantirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun ta’lim jarayonlari ishlab chiqarish bilan to‘liq integratsiya qilinadi.
Tomonlar bildirilgan takliflar bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib, hamkorlik memorandumini imzoladi.
Sonmun universiteti (Sun Moon) 1972-yilda tadbirkor Sun Myung Mun tomonidan tashkil etilgan. Hozirda universitetda 7ta asosiy yo‘nalish va 13ta bo‘lim, jumladan, muhandislik, elektrotexnika, farmatsevtika, IT va turizm bo‘limlari mavjud.
“Spot” O‘zbekiston onlayn ta’limga qanday o‘tayotgani hamda nima uchun xususiy universitetlarning mashhurligi ortib borayotgani haqida tahliliy maqola e’lon qilgandi.