Koreyada ishlayotgan til bilish darajasiga ega o‘zbekistonliklar mamlakat universitetiga o‘qishga jalb qilinadi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Migratsiyasi agentligining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi bilan Geoje milliy universiteti rektori Ho Jong Sok o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib, u orqali Koreyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga mazkur universitetda ta’lim olish imkoniyati berilishini rejalashtirmoqda.

Xususan, E-9 vizasi bilan ishlayotgan fuqarolar koreys tilini bilish darajasi — TOPIK II bo‘lgan taqdirda Geoje universitetiga qabul qilinadi.

Bunda, ularga bir vaqtning o‘zida onlayn o‘qish va ishlash imkoniyati taqdim etiladi.

Shuningdek, o‘qish muddati 2 yil bo‘lib, fuqarolar o‘qishni tamomlagach bakalavr diplomiga ega bo‘lishadi.

Geoje universiteti faoliyati kemasozlikka yo‘naltirilgan. Oliygoh “Samsung Heavy Industries” va “Daewoo Heavy Industries” korxonalariga ishchi kuchini yetkazib beradi.

Avvalroq 8-fevraldan o‘zbekistonliklardan Janubiy Koreyada ishlash bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish boshlanishi haqida xabar berilgandi.

E-9 vizasi asosida ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar ariza jo‘natishlari mumkin.