Janubiy Koreya universiteti o‘zbekistonlik talabalar uchun grantlar joriy qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.

O‘zbekiston elchisi Vitaliy Fen Koreyaning “Woosong” universiteti prorektori Yu-Tek Li bilan uchrashdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyati muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston OTMlari va universitet o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va rivojlantirishga e’tibor qaratdi.

Natijada quyidagilar yuzasidan aniq kelishuvlarga erishildi:

  • talabalar, olimlar va professor-o‘qituvchilarning akademik almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish;
  • hamkorlikdagi ta’lim loyihalari uchun muayyan moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlash;
  • ikki davlatdagi ilmiy muassasalar, tegishli davlat idoralari va OTMlari bilan tadbirlar o‘tkazish;
  • O‘zbekistonning iqtidorli talabalari uchun qo‘shimcha stipendiyalar joriy qilish va boshqa.

Muzokaralar so‘ngida O‘zbekiston elchixonasi va “Woosong” universiteti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Avvalroq AQShning “Stirling Foundation” nodavlat xayriya jamg‘armasi o‘zbekistonliklarga ta’lim grantlarini ajratishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.