Yevropa komissiyasi “Apple”, “Google"ning bosh kompaniyasi “Alphabet” va “Meta"ga nisbatan tergov boshlanganini e’lon qildi, deb yozadi “Reuters”.

Agar qoidabuzarliklar aniqlansa kompaniyalar global yillik aylanmaning 10%igacha jarimaga tortiladi.

Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonun (Digital Markets Act) 2024-yil 7-martda kuchga kirdi. Yevropa Komissiyasi kompaniyalar uning talablariga to‘liq rioya qilmayapti, deb gumon qilmoqda.

Misol uchun, “Apple” kompaniyasiga qarshi shikoyatlar iOS ilovalarini yangi qurilmadan olib tashlash va brauzer yoki qidiruv tizimini tanlash kabi standart sozlamalarni o‘zgartirish qanchalik oson ekanligi bilan bog‘liq.

Regulyator, shuningdek, ishlab chiquvchilar uchun “App Store” do‘konidan tashqarida xaridlar haqida xabar berish uchun cheklovlar mavjudligini tekshiradi.

“Alphabet” “Google” qidiruv natijalarida “Google Shopping”, “Google Flights” va “Google Hotels” xizmatlarini afzal ko‘rish va uchinchi tomon takliflariga nisbatan kamsitish holatlari tufayli tekshiriladi.

“Meta” kompaniyasi esa “Instagram” va “Facebook” uchun reklamasiz pullik obunalari bilan e’tiborni tortdi.

Yevropa komissiyasi bepul alternativlar bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, taklif qonun standartlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Tekshiruv arafasida esa “Meta” abonent to‘lovlarini — 9,99 yevrodan 5,99 yevrogacha kamaytirishni e’lon qildi.

“Google” qonunga rioya qilish uchun allaqachon xizmatlariga jiddiy o‘zgarishlar kiritganini aytdi.

Raqamli bozorlar to‘g‘risidagi qonuni qoidalariga rioya qilish uchun “Apple” 2024-yil yanvar oyida Yevropa ittifoqi foydalanuvchilariga iOS ilovalarini o‘zi ma’qullagan muqobil do‘konlardan yuklab olishiga ruxsat berishini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” Yevropa komissiyasi “Apple"ni 1,8 mlrd yevro jarimaga tortgani haqida yozgandi.

Bunga “Spotify"ning “Apple” kompaniyasi “App Store” do‘konida uchinchi tomon musiqa ilovalari ishlab chiquvchilari uchun to‘lov belgilaganidan shikoyat qilgani sabab bo‘lgan.