Yevropa komissiyasi “Apple"ni musiqa tinglash uchun iOS ilovalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 1,8 mlrd yevro jarimaga tortdi, deya xabar berdi boshqarma saytida.

Monopoliyaga qarshi tekshiruvga 2019-yilda Shvetsiyaning “Spotify” xizmati tomonidan “App Store” komissiyasi tufayli oylik obuna narxini oshirish zarurligi haqidagi shikoyat sabab bo‘lgan.

Kompaniya deyarli 10 yil davomida uchinchi tomon ilovalarini ishlab chiquvchilarga “App Store” do‘konidan tashqarida arzonroq musiqa obuna xizmatlari haqida foydalanuvchilarga ma’lumot berishga ruxsat bermadi, deyiladi xabarda.

Yevropa komissiyasi buni Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunchiligining buzilishi deb atadi.

Avvalroq “Financial Times” Bryussel 2019-yilda “Spotify” shikoyatidan so‘ng Yevrokomissiya o‘tkazgan tekshiruvdan so‘ng shunday qarorga kelganini yozgandi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, “Apple” o‘zining “App Store” do‘koniga maxsus egaligi tufayli uchinchi tomon dasturchilariga o‘z shartlarini yuklamoqda va “Apple Music” bilan raqobatlashuvchi xizmatlar “Apple” to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan to‘lovlar uchun 30% komissiya undirilgan.

“Financial Times” ta’kidlaganidek, bu jarima “Apple” tarixida Yevropadagi birinchi jarima bo‘ladi.

Biroq nashr manbalari uning hajmi e’lon qilinganidan deyarli to‘rt baravar kam — 500 mln yevro bo‘lishi haqida taxmin qilishgandi.

Jarimani sharhlar ekan, “Apple” Yevropa komissiyasi foydalanuvchilarga noqulaylik tug‘dirgani va kompaniyaning raqobatga qarshi xatti-harakatlari haqida hech qanday dalil keltirmaganini aytdi. Qayd etilishicha, “Apple” apellyatsiya bermoqchi.


Avvalroq “Spot” “Google” Rossiyada 4 mln rubl jarimaga tortilgani haqida yozgandi.

Bunga kompaniyaning YouTube’dagi tegishli kontentni o‘chirishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.