Avvalroq prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotini tashkil qilish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi, hududlarda tadbirkorlar muammolarini o‘rganish va hal qilish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etilishi belgilangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlar muammolarini tahlil qilish maqsadida quyidagi 9ta yo‘nalish bo‘yicha ekspert guruhlari tashkil etiladi:

  • tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash — kreditlash va mikromoliya xizmatlari, subsidiya, kompensatsiya va kafillik kabi ko‘mak;
  • soliq tizimini takomillashtirish — soliq siyosati, ma’murchiligi, imtiyoz va preferensiyalar;
  • ishlab chiqarish maydonlari bilan ta’minlash — yer uchastkalarini ajratish, bino va inshootlar bilan ta’minlash va boshqalar;
  • infratuzilma bilan ta’minlash — elektr, gaz ta’minoti, ichimlik suvi va kanalizatsiya, yo‘l infratuzilmasi;
  • transport-logistika — temir yo‘l, aviatsiya va avtotransportda tashish, logistika tizimi;
  • tadbirkorlar mahsulotlariga bozor topish — birja va davlat xaridlari, elektron tijorat va raqamli infratuzilma, raqobatni rivojlantirish;
  • tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiyalar — inivestitsiyalarni jalb qilish, eksport va import masalalari, bojxona imtiyozlari va ma’murchiligi va boshqalar;
  • tadbirkorlikni tartibga solishni soddalashtirish — litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartibi, davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqalar;
  • tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish — tadbirkorlik faoliyatida davlat nazorati, xususiy mulk huquqi daxlsizligi, nizolar va sudga oid masalalar va boshqalar.

Ekspert guruhlari tadbirkorlar murojaatlari asosida aniqlangan tizimli muammolarni tahlil qilib, har hafta ularning yechimi bo‘yicha takliflarni respublika shtabiga kiritib boradi.

Hujjat bilan, prezidentning tadbirkorlar bilan 2024-yildagi ochiq muloqoti Qoraqalpog‘istonda o‘tkaziladi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonda avgust oyida xalqaro biznes forum tashkil etiladi.

2023-yilning sentabrida ochiq muloqotda ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlangandi. Unda 2024-yilgi muloqotni Qoraqalpog‘istonda tashkil etish masalasi berilgan.