Ayrim “IT Park” rezidentlari foyda solig‘idan ozod etiladi

2025-yilning 1-fevralidan 2030-yilgacha eksport xizmatlari hajmi bir yilda $10 mlndan oshgan “IT Park” rezidentlariga IT-sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatgan, O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzilmagan davlatlar yuridik shaxslari yil yakunigacha foyda solig‘idan ozod etiladi.

Shu bilan birga, daromadining 50%ini eksport tashkil etuvchi rezidentlar ta’sischilari O‘zbekiston norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga JShODS hamda foyda solig‘ining 5% stavkasi tatbiq etiladi. Bu imtiyoz 2040-yilgacha amal qiladi.



1070 “Ishonch telefoni” ishga tushiriladi

O‘zbekistonda joriy etilayotgan “Ijtimoiy karta"lar doirasi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan kartalardan foydalanish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatuvchi “1070” uzluksiz ishlovchi “Ishonch telefoni” test rejimida yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar “Ishonch telefoni” orqali bepul SMS-xabarnoma yuborishlari mumkin bo‘ladi. Bunda SMS-xabarnomalar ijtimoiy axborot hisoblanadi.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyaga doir huquqlarini amalga oshirish va ularni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan doimiy va manzilli muloqot o‘rnatiladi.


Poyezd chiptalari uchun narxlar oshiriladi

Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarining VIP, Biznes toifadagi chipta narxlari 25%ga, ekonom toifadagi chipta narxlari esa 20%ga oshiriladi. Bundan tashqari, “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chipta narxlari 30%ga qimmatlashadi.

“Afrosiyob” elektropoyezdlarining chipta narxlari quyidagicha bo‘ladi:

Yo‘nalish
Narxlar (so‘mda)
VIP
Biznes
Ekonom
Toshkent-Samarqand
619 ming
450 ming
294 ming
Toshkent-Qarshi
854 ming
634 ming
406 ming
Toshkent-Buxoro
994 ming
751 ming
484 ming

Shu bilan birga, mahalliy yo‘nalishdagi (yotoqli) yo‘lovchi poyezdlar chipta narxining tarif qismi 10,5%ga ko‘tariladi.


Kasb markazlarida kambag‘al oilalar a’zolari yangi kasblarga o‘qitiladi

Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida ishsiz, jumladan, kambag‘al oilalar a’zolarini yuqori talabga ega kasblarga manzilli o‘qitish tizimi joriy etiladi. Bu tartib ish beruvchilar buyurtmasi va banklar mijozlari ehtiyoji asosida amalga oshiriladi.

Markazlarda tashkil etiladigan yangi kasb yo‘nalishlari:

  1. Elektromobillarni ta’mirlovchi va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi chilangar.
  2. Muqobil va noan’anaviy energiya manbalariga xizmat ko‘rsatish qurilmalari bo‘yicha texnik (mexanik) yordamchi.
  3. Elektr ko‘targichlarni (lift va eskalatorlarni) ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chilangar-montajchi.
  4. Suv tejovchi sug‘orish texnologiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi texnik.
  5. Og‘ir yuklarni ko‘tarish, ortish va tashish yo‘nalishlari (kran, ekskavator va buldozer mashinisti, kara, samosval haydovchisi va boshqalar).
  6. Shamollatish, havoni tozalash, sovutish moslamalarini ta’mirlash bo‘yicha chilangar.
  7. Landshaft, interer va ishlab chiqarish dizayneri.
  8. Alyuminiy va plastik profillar bilan ishlash ustasi.
  9. Avtotyuning mexanigi.
  10. Videograf-mobilograf.
  11. Raqamli marketolog.
  12. Mobil ilovalar yaratuvchi dasturchi.

Kasbiy ta’limda “vaucher tizimi” joriy etiladi

1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi sinov tarzida joriy etiladi.

Tizim doirasida ishsiz aholi davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher asosida bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Bunda kambag‘al oilalar a’zolariga ustunlik beriladi.

O‘qish to‘lovlari yosh chegarasi va o‘qish davomiyligidan qat’i nazar, to‘liq qoplab beriladi. Bunda to‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan qismi esa o‘qish tugagach — fuqaro sertifikat olganidan so‘ng, o‘quv markaziga o‘tkaziladi.

Vaucherlar tuman yoki shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan taqdim etiladi. Elektron vaucherni olgach, uni o‘quv markaziga olib borib, o‘qishni boshlash mumkin bo‘ladi.

Fuqarolar vaucher asosida 35 ta til va kasblarga bepul o‘qitiladi. Bular qatorida marketing bo‘yicha mutaxassis, interer dizayner, ayollar va erkaklar sartaroshi, fotograf, gid-sayohatchi kabilar bor. Batafsil ro‘yxat bu yerda.


Og‘ir vaziyatdagi ayollar uchun “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi

Qonunchilikka ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatda va yaqin qarindoshlari ko‘magisiz qolganligi natijasida farzandini tarbiyalashdan voz kechmoqchi bo‘lgan onalar, shu jumladan, homilador ayollar uchun bolalar uylarida “Onalar maskani” xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

“Onalar maskani"da:

  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalar va ularning bolalari (4 yoshga to‘lmagan) 1 yilgacha bo‘lgan muddatga ijtimoiy shartnoma asosida vaqtincha boshpana bilan ta’minlanadi;
  • og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi, ularda onalik va kasbiy ko‘nikmalar shakllantiriladi;
  • “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan onalarning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.

Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxi oshiriladi

Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxlari oshiriladi. Xususan, “Issiqlik manbai” boshqarmasi tomonidan aholi uchun 1 Gkal issiqlik energiyasiga 93 464 so‘m (amalda — 81 312 so‘m) belgilandi.

“Angren issiqlik energiyasi” tarif qiymatini 93 508 so‘m (81 312 so‘m), Chirchiq “Issiqlik energiyasi” korxonasi — 101 301,2 so‘m (88 088 so‘m) va “Olmaliq issiqlik manbai” 100 800 so‘m (92 252,16 so‘m) etib belgiladi. Barcha narxlar QQS bilan hisoblangan.


Oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun to‘liq oila bo‘lish talab etilmaydi

Oilaviy bolalar uyini tashkil etish uchun oilaning er va xotindan iborat to‘liq oila bo‘lishi talabi bekor qilinadi.

30 yoshga to‘lgan fuqarolarga oilaviy bolalar uyini tashkil etishga ruxsat etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar oilaga tarbiyaga (patronat) faqat ularning qarindoshlariga beriladi.

Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani uchun ajratiladigan mablag‘lar tarbiyalanuvchilar umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim muassasalarini tamomlagunigacha beriladi.


Elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga bojxona imtiyozi beriladi

Prezident qarori bilan elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun rivojlanish va tadqiqot markazlarini (R&D) tashkil etishga o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan laboratoriya jihozlari va anjomlari 2028-yilning 1-fevraligacha bojxona bojidan ozod etiladi.

Bojxona hududida qayta ishlash rejimida tayyorlangan mahsulotlarni keyingi ishlab chiqaruvchilar tomonidan sanoat kooperatsiyasi tartibida qayta ishlash uchun qayta ishlash rejimiga joylashtirishga ruxsat beriladi.

Ustav fondida davlat ulushi 50% dan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning va davlat organlarining ma’muriy bino-inshootlarini hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish bo‘yicha xarid qilish hujjatlariga quyidagi talablar kiritiladi:

  • pudratchilar zarur tovarlarni Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi va Elektron kooperatsiya portalidagi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qiladi;
  • zarur tovarlar portallarda mavjud bo‘lmasa, tasdiqlovchi ma’lumotnomalar asosida ularni boshqa portallardan xarid qilishga ruxsat etiladi.

Ishlab chiqaruvchilar ekotizimida savdolar davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida elektron do‘kon tartib-taomillari asosida, shartnoma qiymati bilan bog‘liq cheklovlarsiz o‘tkaziladi. Bunda ofertalar mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat ma’lumotlari asosida shakllantiriladi.


“Tashabbusli budjet"ning birinchi mavsumi boshlanadi

“Tashabbusli budjet” jarayonining 2025-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi. Loyihalarni kiritish 20-fevralgacha amalga oshiriladi. Undan keyin, 21-fevraldan 7-martgacha saralash o‘tkaziladi.

Keyingi bosqich — targ‘ibot — 8−10 mart kunlari. Ovoz berish jarayoni esa 11−20-mart kunlari davomida o‘tkaziladi.

Loyihalarning eng yuqori chegaraviy qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, tuman va shahar budjetidan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 mlrd so‘m, eng yuqori miqdori esa — 45 mlrd so‘m.


Bog‘chalarda davomat va to‘lovlarni qabul qilish raqamlashtiriladi

“Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi negizida o‘zaro birlashib, “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yuritadi.

Quyidagilar “Bolalar bog‘chasi” tizimi orqali amalga oshiriladi:

  • barcha davlat bog‘chalarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish;
  • ish vaqti tabelini shakllantirish;
  • tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida hisoblash;
  • ota-onalar to‘lovi hamda boshqa to‘lovlarni qabul qilish.

Bu tartib 1-fevraldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi, 1-iyuldan boshlab esa barcha davlat bog‘chalarida joriy etiladi.


Qozog‘iston bilan chegaradagi “Dovud ota” posti uch oyga yopiladi

Qozog‘istonning “Tajen” hamda O‘zbekistonning “Dovud ota” chegara postlari orqali fuqarolar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan to‘liq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati 3 oyga to‘xtatiladi. To‘liq vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari esa uzluksiz harakatlanishlari mumkin.

Mazkur cheklovlar chegara o‘tkazish punktlarida ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borilishi sababli o‘rnatilmoqda. Fuqarolar va transport vositalari “Yallama”, “Zangiota”, “Oq oltin” va “Malik” punktlari orqali harakatlanishlari mumkin.

Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun “Qoraqalpog‘iston” temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali yo‘lovchi poyezdlari harakatlanadi.