O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z paromlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Transport vazirining ta’kidlashicha, Ozarbayjon tashqi savdo tashuvlari, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi orqali muhim yo‘nalish hisoblanadi. Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi chog‘ida Ozarbayjon O‘zbekiston uchun konteyner temir yo‘l tashuvlari bo‘yicha imtiyozlarni 2026-yilgacha uzaytirdi.
“Biz O‘zbekiston kompaniyalarining Kaspiy dengizida paromlarni boshqarish ishlari bo‘yicha kelishuvga erishdik. Kaspiy dengizi orqali yuk tashish hajmi oshgani sababli, paromlar 30−40 kun davomida kutilmoqda va yuklar kechikmoqda. O‘zbekistonlik tadbirkorlar Turkiya kompaniyalari bilan birgalikda Kaspiy dengizida paromlarni ishga tushirishga qaror qilishdi” — dedi Ilhom Mahkamov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qo‘shimcha tranzit hajmini ta’minlaydi. Tomonlar, shuningdek, o‘sib borayotgan yuk tashish hajmini qayta ishlash uchun infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiya qilishga kelishib oldilar.
2-iyul kuni O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat ikki davlat transport vazirliklari o‘rtasida imzolangan.
2023-yil avgust oyida O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish, Boku va uchinchi davlatlar portlarida omborlar va logistika markazlarini qurish imkoniyatlarini muhokama qilgandi.
O‘tgan yilning sentabr oyida Trend nashri xabardor manbasiga tayanib, O‘zbekiston va Ozarbayjon birgalikda parom ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergandi. Loyihani moliyalashtirish hajmi $150 mln ni tashkil etadi.
Tomonlar transport va tranzit sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha boshqa chora-tadbirlarni ham ishlab chiqmoqda. Ular orasida ombor infratuzilmasini birgalikda qurish va Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashishni rivojlantirish uchun qo‘shma korxona tashkil etish bor.
Avvalroq Toshkent hokimligi Ozarbayjon kompaniyalari bilan $400 mlnlik shartnomalar tuzgani haqida xabar berilgandi. Loyihalar 5 yulduzli mehmonxona, turar-joy majmuasi va savdo markazini qurish, restoran va qahvaxonalar tarmog‘ini ishga tushirishni o‘z ichiga oladi.