O‘zbekistondagi pulli yo‘llarda 150 km/soatgacha tezlikka ruxsat beriladi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bosh huquqiy maslahatchisi Hasan Umarov Qonunchilik palatasining YouTube kanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Pulli yo‘llarga qo‘yiladigan asosiy talab — yuqori tezlikda harakatlanish imkoniyati. Shuningdek, trassalar bo‘ylab xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi: dam olish maskanlari, avtoturargohlar va yoqilg‘i quyish shoxobchalari tashkil etilishi lozim.

Pulli trassalarda radar va boshqa yo‘l belgilari mavjudligi haqidagi savolga javob berar ekan, Hasan Umarov trassalardagi ruxsat etilgan maksimal tezlik umumiy foydalanishdagi yo‘llarga qaraganda yuqori bo‘lishini taʼkidladi.

“Umumiy foydalanishdagi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 90 km/soat bo‘lsa, pulli yo‘llarda 150 km/soatgacha harakatlanish mumkin bo‘ladi. [Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi] qonun kuchga kirgach, yo‘l harakati qoidalariga kichik qo‘shimchalar kiritiladi”, — dedi qo‘mita vakili.

Belgilangan tezlikni oshirganlik uchun oddiy yo‘llardagi kabi jarimalar qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, pulli yo‘llarda yengil va yuk avtomobillari uchun alohida yo‘laklar ajratilishi mumkin. Bu yuk mashinalarini quvib o‘tish holatlarining oldini olish orqali yo‘l harakati xavfsizligini oshirish imkonini beradi.

Hasan Umarovning taʼkidlashicha, umumiy foydalanishdagi yo‘llarda tirbandliklar asosan chorrahalar tufayli yuzaga keladi, pulli yo‘llar esa uzluksiz harakatni taʼminlaydi. Boshqa yo‘llar bilan kesishuvlar turli darajalarda — yo‘l o‘tkazgichlar va ko‘priklar qurilishi hisobiga tashkil etiladi.

“Bu svetoforlar va chorrahalar bo‘lmaydi, degani”, — deya qo‘shimcha qildi u.

23-sentabr kuni Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini asosiy va yakuniy o‘qishlarda qabul qildi. Ushbu hujjat yo‘l xo‘jaligi sohasiga yangi mexanizmlar va meʼyorlarni joriy etish bilan birga, O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llari tarmog‘ini barpo etish uchun huquqiy asos yaratadi.

Pulli yo‘llar

O‘zbekistonda pullik yo‘llar masalasi 2018-yildan beri muhokama qilinmoqda. O‘sha paytda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi birinchi pulli harakatli yo‘l loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi. Spot ushbu mavzu bo‘yicha voqealar xronikasini eʼlon qilgandi.

2019-yil fevralida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (O‘zavtoyo‘l) “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda yo‘l haqi miqdorini belgilash mexanizmlari va to‘lovni undirish usullari ko‘rsatilgan edi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, biroq qabul qilinmadi.

2024-yil qishida pulli avtomagistrallarni tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yana gap ketdi. Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov mazkur hujjat pulli yo‘llarni qurish va ulardan foydalanish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, to‘lov va uning taqsimlanishini tartibga solishni belgilab berishini taʼkidladi.

So‘nggi yillarda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlari bo‘yicha ikkita pulli yo‘l loyihasi muhokama qilinmoqda. Ikkinchisining qiymati bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi: 2022-yil bahorida qurilish $2,83 mlrdga, 2024-yilda esa $4,65 mlrdga baholandi. Poytaxtdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l esa $1,4 mlrdga baholangan edi.

Transport vazirligi joriy yilning yanvarida Toshkent — Andijon yo‘li loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender eʼlon qildi. Unga Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni qismini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Arizalar qabul qilish muddati ikki marta uzaytirildi.

Mart oyida prezidentga Toshkent — Samarqand avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini yaratish bo‘yicha ishlar yakunlangani haqida maʼlumot berildi. Uzunligi taxminan 300 kilometr bo‘lgan magistral yo‘l safar vaqtini uch soatgacha qisqartiradi va mavjud yo‘lga tushadigan yukni kamaytiradi.

Avvalroq pulli yo‘llardan foydalanish radar uchun jarimadan arzonroq tushishi haqida xabar berilgandi.