Spot avvalroq, Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi Timur Musin O‘zbekistondagi barcha loyihalarini sotuvga qo‘ygani haqida xabar bergandi. Spot OLX Uzbekistan platformasida Palove muzeyi, shahar tashqarisidagi Cinara’s restorani hamda Caravan restoran binosi sotuvga qo‘yilganini aniqladi.
E’lonlarda keltirilishicha, Timur Musin loyihalarining qiymati ko‘lami va tayyorgarlik bosqichiga qarab farqlanadi:
- Palove muzeyi — 150 mlrd so‘m ($12,4 mln);
- Sato restoran majmuasi — 50 mlrd so‘m ($4,1 mln);
- Caravan restorani — 45 mlrd so‘m ($3,7 mln).
Loyihalarning umumiy qiymati esa 294 mlrd so‘m (taxminan $24,3 mln), o‘zini oqlash muddati esa taxminan 7 yil deb baholanmoqda.
Spot mamlakatdagi eng mashhur restoran xoldinglaridan biri atrofida yuz berayotgan voqealarni o‘rganib, restorator bilan nima uchun Caravan Group’ning barcha asosiy loyihalarini sotuvga qo‘yishga qaror qilgani va bu qaror ortida qanday sabablar borligi haqida suhbatlashdi.
Timur Musin kim va nimalar sodir bo‘lmoqda?
Timur Musin — 25 yillik tajribaga ega restorator, Caravan Group tematik restoranlar tarmog‘i asoschisi va O‘zbekiston Restoratorlar uyushmasi raisi.
U 1999-yildan buyon O‘zbekistonda restoran biznesini rivojlantirib kelmoqda. Turli yillarda Caravan Group tarmog‘iga 15 ga yaqin loyiha kirgan bo‘lib, ular orasida Caravan restorani, Chelsea Arms ingliz pabi, Sato va Izumi restoranlari hamda Gruzinskiy dvorik kabi asosiy loyihalar bor.
Turli yillarda tadbirkorning biznesi moliyaviy va ma’muriy qiyinchiliklarga duch kelgan: obyektlarning bir qismi auksionlarga qo‘yilgan, ayrim loyihalar yopilgan yoki sotilgan.
2019-yilda Majburiy ijro byurosi kredit qarzdorligi tufayli Chelsea pabi va Cinara’s restoranini (majmuaning bir qismi) auksionga qo‘ygan. 2020-yilning mart oyida Musin Gruzinskiy dvorik’ni sotgan. O‘sha yilning may oyida MIB Sato restoranining ikki qavatini kimoshdi savdosiga chiqargan. Sentabrda esa Chinara’s majmuasining bir qismi yana auksionga qo‘yilgan.
2021-yilda Caravan Group Sato va Izumi restoranlarini yopishga majbur bo‘lgan. O‘shanda Musin Spot’ga kompaniya kredit qarzlari sabab ushbu obyektlarni yopib, savdoga qo‘yganini aytgandi.
So‘nggi yillarda restorator soliq siyosatidan tortib, sayyohlik joylarida ishlashgacha bo‘lgan biznes yuritish shartlari masalalarini ham ommaviy ravishda ko‘tarib kelgan.
Caravan Group restoranlar tarmog‘i asoschisi.
Bundan roppa-rosa 18 yil muqaddam Chinara’s etnografik qishlog‘ini barpo etish bo‘yicha katta ish boshlagandik. Bu shunchaki qurilish emas, balki arxeologlar, me’morlar, haykaltaroshlar va rassomlarning noyob hamkorligi bo‘lgan. Loyihaga Chinara’s restorani va uning yonida qurmoqchi bo‘lgan joyimiz kirgan.
2018-yilga kelib barcha hujjatlarim tayyor bo‘lgan: kadastrni olganman, qurilishni kelishganman, ishni boshlaganman. Keyin esa butun loyihani shunchaki, bahona qilib tortib olishdi (bo‘lib o‘tgan voqealar haqida batafsil video). 2020-yildan hozirga qadar sudlarda buni isbotlab keldik. Keyin meni aybdor qilishdi — qurmading, deyishdi. Bizdan tortib olingan uchastkada esa hozirda uy qurilmoqda.
Tashabbus adliya tizimining “suvosti toshlari"ga urilib, puchga chiqqan. Katta hajmdagi intellektual mehnat va millionlab sarmoyalar sud reyderligi hamda “qonuniy” ekspropriatsiya obyektiga aylanib qolgan.
Xo‘sh, oqibatda nima bo‘ldi? Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimligi “davlat ehtiyojlari” degan bahona bilan hech kimga keraksiz yo‘l tarmog‘i qurish uchun bizdan 70 sotix yerni tortib oldi. Hech qanday hujjat ko‘rsatmasdan, shunchaki kelib, buzib ketishdi. Biz Oliy sudgacha borib, 13 mlrdlik tovon pulini undirdik. Ammo sud qarori bir necha marta bekor qilingan. 2025-yilda Oliy sud tovon to‘lanishini yana ma’qulladi, biroq keyinchalik Bosh prokuratura protesti bilan bu qaror ham bekor qilinib, ish qayta ko‘rib chiqishga yuborildi.
Birinchi ish bo‘yicha kompensatsiya berish o‘rniga loyihamizga nisbatan yangi ish — bu safar kadastr masalasi bo‘yicha ish ochildi. Sud 2010-yilda berilgan loyiha kadastr hujjatlarini bekor qildi. Bunga esa 18 yil avvalgi “yangi aniqlangan holatlar” asos qilib ko‘rsatildi. Natijada, boshqa yo‘qotishlarga qo‘shimcha ravishda, bizga yana 1 mlrd so‘mdan ortiq davlat boji to‘lash xavfi ham tug‘ildi.
Lekin asosiy muammo 13 mlrd so‘mlik kompensatsiya emas, balki 15 gektar yerning olib qo‘yilishidir. Iqtisodiy sudlar barcha instansiyalarda, jumladan Oliy sud ham moddiy va protsessual huquq normalarini jiddiy buzgan.
Natijada, hech qanday qonuniy asoslarsiz hamda loyihaning turizm sohasini ilgari suruvchi obyekt sifatidagi maqomi e’tiborga olinmasdan, umumiy maydoni 14,9 gektar bo‘lgan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarim amalda majburan bekor etilib, davlat foydasiga olib qo‘yildi. Oliy sud raisi nomiga bir necha bor qilgan murojaatlarim esa ko‘rib chiqilmasdan javobsiz qoldirildi.
Yer va aktivlarni olib qo‘yishdan ko‘rilgan umumiy zarar taxminan $50 mlnni tashkil etadi.
Biz Chinara’s tog‘ loyihasi bo‘yicha 20 dan ortiq sud jarayonini boshdan kechirdik. Bu 5 yil ichida 140 dan ziyod sud majlisini anglatadi. Bu vaqt mobaynida biz 45 mlrd so‘mdan ortiq o‘z mablag‘larimizdan ayrildik, hamkorlarimiz esa mahalliy banklarda tayyor turgan $25 mlnlik sarmoyani kiritmadi. Xorijiy investor shunchaki chiqib ketdi. Bunday sharoitda iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishni istaydiganlar kam topiladi.
Masalan, biz ushbu loyiha bilan eng yaxshi arxitektura loyihasi bo‘yicha ikki xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lganmiz. Ammo bu yerda hammasi byurokratiyaga — tushunarsiz yo‘laklarga, yarim chalasavod, ko‘pincha korrupsiyaga moyil odamlarga borib taqaladi.
Mulk huquqi qadr-qimmatini yo‘qotib, 18 yil oldingi kadastrlar bir qalam harakati bilan nolga aylantirilsa, iqtisodiyotning poydevori chilparchin bo‘ladi. Sudlar mustaqil bo‘lmas ekan, biznesni qo‘llab-quvvatlash haqidagi barcha tadbirlar va balandparvoz gaplar shunchaki ko‘zbo‘yamachilik bo‘lib qolaveradi. Tadbirkorlar umid bilan harakat qilishda davom etadi, ammo yillik 26−29% kredit stavkalari va investitsiyalar xavfsizligi kafolatlari yo‘qligi sharoitida real iqtisodiyot biznesning imitatsiyasiga aylanadi.


Bo‘stonliq tumanida Chinara’s etnografik qishlog‘i loyihasini amalga oshirish rejasi
Strategik rejalashtirish o‘rniga biznes sudlarda omon qolish uchun kurashishga majbur. Natijada u o‘zining asosiy funksiyasi — kapitalizatsiya va reinvestitsiyani bajarishni to‘xtatadi. Biznes yuritish qoidalari jarayon davomida o‘zgarib turadigan xavfli o‘yinga aylanadi: buzilgan tandirlar, gaz muammolari, peshlavha va yozgi ayvonlar bo‘yicha savollar, cheksiz ruxsatnomalar va jarimalar.
Sud qarorlari tizimli ravishda prokuratura protestlari bilan bloklanadi, ko‘pincha hatto Biznes-ombudsman pozitsiyasiga zid ravishda. Sud haqiqatni aniqlash joyi bo‘lishdan chiqib, korxona faoliyatini falaj qilishga qaratilgan cho‘zilma jarayonga aylanadi. “Budjetni to‘ldirish” shiori ostida amalda aktivlar qayta taqsimlanadi. Bu esa tadbirkorning asosiy rag‘batini — yaratish va investitsiya kiritish istagini yemiradi.
Bunday sharoitda o‘zini saqlash instinkti ishga tushadi va biznes moslashishga majbur bo‘ladi. Shunday strategiyalardan biri — diversifikatsiya. Mulk zaif aktivga aylanadi, shuning uchun tadbirkorlar “barcha mahsulotlarni bitta savatda saqlamaslikka” harakat qilib, ayniqsa yer bilan bog‘liq kapital talab qiladigan loyihalardan asta-sekin chekinadi.
Natijada xalqaro sudlarga murojaat qilish tahdidi ayrim mansabdorlar uchun deyarli yagona tiyib turuvchi omilga aylanmoqda. Ammo bu bizning yo‘limiz emas. Bizga aktivlarning bir qismini sokin sotib, natijani “fiksatsiya qilish” — aslida o‘ziga “pensiya” yaratish, cheksiz tortishuvlar o‘rniga ma’qulroq.
Chinara’s loyihasini keyinroq davom ettirish mumkin. Hozircha esa aktivlarning bir qismini yaxshi narxda sotish va global rivojlanishni yaxshiroq davrlarga qoldirish strategik jihatdan to‘g‘riroq bo‘ladi. Millionlab mablag‘ va eng asosiysi, vaqtning boy berilishi mavjud muhit halol investitsiyalarni yetarlicha himoya qila olmayotganining achchiq isbotidir.
Sud tizimi haqiqatan ham “tashqi signallar"dan mustaqil bo‘lmaguncha, qulay biznes muhiti haqidagi har qanday bayonotlar deklaratsiya bo‘lib qoladi. Hozirgi sharoitda aktivlarning bir qismini sotish va kutish rejimiga o‘tish — mag‘lubiyat emas, balki noaniq qoidalar bo‘yicha o‘ynashdan bosh tortayotgan tajribali tadbirkorning puxta boshqaruv qaroridir.
Gohida to‘g‘ri qaror bir oz to‘xtab, strategiyani qayta ko‘rib chiqish va qonun amalda “tushunchalar"dan ustun keladigan paytni kutishdir.
Loyihalar sotuv jarayonida nima bo‘lishi va ular ishlashda davom etadimi, degan savolga javoban shuni aytaman: bizning “tugaganimiz” haqidagi mish-mishlar ancha bo‘rttirilgan — biz odatdagi rejimda ishlayapmiz. Kelajakka kelsak, bu bo‘yicha ikki ssenariy bor: yoki yangi egasi bizning “oltin tuxum qo‘yish” qobiliyatimizni tushunib, boshqaruvni professionallarga qoldiradi va biz Palove muzeyi’ni rivojlantirishda davom etamiz. Yoki loyihani boshqa joyga ko‘chiramiz. Axir muzey — bu faqat devorlar emas, bu ruh va ma’nodir.
Prioritetim aynan Palov muzeyi brendini yanada rivojlantirish. Bu shunchaki umumiy ovqatlanish doirasidan chetga chiqadigan keng ko‘lamli, chuqur hamda juda qiziqarli ish bo‘ladi.






Timur Musinning Palove muzeyi restorani
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Men hozirgi biznes muhitida barcha loyihalar uchun birdaniga xaridor topilishiga ishonmayman — sharoit hanuz murakkab. Garchi narx mutlaqo maqbul bo‘lsa-da (1 kv.m uchun $2 ming — Toshkent markazidagi ko‘chmas mulkning bozor bahosi), bunday sharoitda sarmoya kiritish istagida bo‘lganlar kam. Shunga qaramay, men o‘zim ishonadigan va tajribam bor yo‘nalishda ishlashni davom ettiraman.
Loyihalarga qiziqish bor — qo‘ng‘iroqlar kelmoqda, biroq hozircha bu ko‘proq oddiy qiziqish darajasida. Hozirgi sharoitda hammasini sotib yuborish qiyin, chunki investorlar ehtiyotkor: huquqiy muhit beqaror bo‘lsa, har qanday investitsiya yuqori xatarga aylanadi.
Hozir davlat organlari vaziyatga faolroq aralasha boshladi, bu biroz optimizm beradi. Ammo muammo ildizi — sud tizimida. Aynan shu yerda biznes o‘z huquqlarini himoya qilishi kerak, biroq noqonuniy qarorlar normal ishlashga asosiy to‘sqinlik bo‘lib qolmoqda. Muammo sudyalar tafakkurida ham — ular o‘zini mustaqil emas, balki ko‘rsatma olishi mumkin bo‘lgan davlat xodimi sifatida ko‘radi.
Nega bu aynan hozir sodir bo‘lyapti? Men bu holatni “qaytmas nuqta” emas, balki xatarlar aniq ko‘rinib qolgan bosqich deb baholayman. Bir tomondan prezident “Yangi O‘zbekiston” islohotlarini ilgari surmoqda, ikkinchi tomondan esa eski tizim elementlari hanuz saqlanib qolgan. Natijada davlat strategiyasi va amaldagi huquqiy amaliyot o‘rtasida ishonch inqirozi yuzaga kelmoqda.
Bunday sharoitda biznesni rivojlantirish xavfli bo‘lib bormoqda. Xususiy mulk va investor manfaatlari himoyalanmagan joyda sarmoya kiritish va rivojlanish deyarli imkonsiz.
Davlat nima deyapti?
Biznes-ombudsman Caravan Group obyektlari bilan bog‘liq vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Idora tadbirkorning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sud instansiyalarida ishtirok etayotganini ta’kidladi.
Xususan, Ombudsman vakillari 12,5 mlrd so‘m kompensatsiya undirish bo‘yicha sud jarayonlarida ishtirok etgan. Biroq so‘nggi sud qarorida bu mablag‘ni undirish ko‘zda tutilmaganligi sababli, hozirda qaror ustidan Oliy sudning taftish instansiyasiga shikoyat tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, Biznes ombudsmanning kassatsiya shikoyati asosida Toshkent viloyati ma’muriy sudi kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha ish yuritishni tugatishga erishgan.
Shu bilan birga, ishning boshqa jihatlari bo‘yicha sud muhokamalari davom etmoqda. Jumladan, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi qarorlarini haqiqiy emas deb topish qismi bo‘yicha taftish tartibida shikoyat tayyorlanmoqda.
Biznes-ombudsman devoni tadbirkorning mulkiy huquqlarini himoya qilishda “qat'iy pozitsiyada ekanligini va sud jarayonlarida oxirigacha ko‘maklashishi"ni bildirdi.











