Caravan Group restoranlar tarmog‘ining egasi va asoschisi Timur Musin o‘zining bir qator umumiy ovqatlanish muassasalarini sotuvga qo‘ydi. Spot OLX Uzbekistan platformasida Palov muzeyi, shahar tashqarisidagi Cinara’s restorani hamda Caravan restoran binosi sotuvga qo‘yilganini aniqladi.
13-aprel kuni OLX platformasida umumiy maydoni 5800 kvadrat metr bo‘lgan besh qavatli Palov muzeyi restorani sotilishi haqida e’lon paydo bo‘ldi. Obyekt kadastr va zarur ruxsat beruvchi hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan, shuningdek, kanal bo‘yidagi 20 sotix obodonlashtirilgan tutash hududni o‘z ichiga oladi.
Restoran qiymati 150 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shu bilan birga, 1100 kvadrat metrdan boshlab bosqichma-bosqich sotish imkoniyati mavjud.
Caravan restorani 7 sotix yerda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 1800 kv.metrdan iborat. U qishda 250 nafargacha, yozda esa 490 nafargacha mehmonni qabul qila oladi. Obyekt bugun 45 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi.
Toshkent viloyatida joylashgan Cinara’s restorani 80 sotix maydonni egallaydi. Binoning maydoni (yer osti va birinchi qavatlar) 1400 kv.metrni tashkil etadi. Obyektning qiymati 99 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ushbu e’lon ham bugun joylashtirilgan.
Barcha loyihalarning o‘zini oqlash muddati taxminan 7 yilni tashkil etadi. Ularning umumiy qiymati esa 294 mlrd so‘mga (taxminan $24,3 mln) baholanmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentda sobiq zargarlik zavodi binosi sotuvga qo‘yilgani haqida yozgan edi.