Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida yangi bunyod etilgan Pavilion savdo majmuasini borib ko‘rdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, investor tomonidan loyihaga $25 mln sarmoya yo‘naltirilgan. Majmua 4,6 gektar hududda barpo etilgan bo‘lib, 42 ming kvadrat metr qurilish ishlari bajarilgan. Hududda 1 ming o‘rinli avtoturargoh ham tashkil etilgan.
Uch qavatli majmuada qurilish materiallari savdosini tarqoq va tirband shakldan chiqarib, tartibli va xaridorbop tizim asosida yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida 2 ming nafar aholi ish bilan taʼminlandi.
Davlat rahbariga majmua faoliyati va imkoniyatlari haqida axborot berildi. Prezident qurilish mahsulotlari do‘konlarini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda 500 ta do‘kondagi qurilish va taʼmirlash uchun zarur mahsulotlarni bir joyda taklif etish imkoniyati yaratiladi. Barcha mahsulotlar va ularning narxi yagona elektron platforma orqali ko‘rinib turadi.
Majmua yiliga 3 mlngacha xaridorga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi.





Hududda xavfsizlik masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Butun savdo kompleksi 500 ta zamonaviy kuzatuv kamerasi bilan qamrab olingan.
Prezident ushbu majmua shunchaki savdo nuqtalari jamlanmasi emas, balki qurilish materiallari bozorida yangi madaniyat, yangi sifat va yangi xizmat standartlarini shakllantiradigan maskan bo‘lishi kerakligini taʼkidladi.
Toshkentning tarixiy o‘n ikkita darvozasi bo‘lganini eslatib, bugun poytaxt atrofida ham shunday, turli yo‘nalishlarga ixtisoslashgan zamonaviy savdo markazlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.
“Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib, istaklari ortayapti. Bu kabi savdo majmualarida milliy mahsulotlarimizga ko‘proq o‘rin berish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish va logistikani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim”, — dedi prezident.
Spot, avvalroq, joriy yilda Toshkentda 18 ta yangi gastronomik ko‘cha ochilishi haqida yozgandi.




