Prezidentning to‘lovga qobiliyatsizlik institutini takomillashtirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, Adliya vazirligi huzurida To‘lovga qobiliyatsizlik ishlari agentligi va uning hududiy bo‘limlari tashkil etiladi. Agentlik ushbu sohada yagona davlat siyosatini yurituvchi maxsus vakolatli organ bo‘ladi.
Farmon bilan to‘lovga qobiliyatsizlik jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish va ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni soddalashtirish belgilandi.
Agentlikka sohada davlat siyosatini amalga oshirish, nazorat va tartibga solish, shuningdek, davlat organlari hamda tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalari yuklatiladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi negizida Sud boshqaruvchilari palatasi tashkil etiladi. U barcha sud boshqaruvchilarini birlashtiruvchi yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimi sifatida faoliyat yuritadi.
2026-yil 1-iyuldan boshlab palata, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda qonunchilik talablariga javob beradigan boshqa ta‘lim muassasalari sud boshqaruvchilarini tayyorlash huquqini oladi.
Shuningdek, palataga sud boshqaruvchisining a‘zoligini to‘xtatish yoki bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilish va bu haqda sudga murojaat etish huquqi beriladi.
Farmonga ko‘ra, sud boshqaruvchisi o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmasa, sud kreditorlar yig‘ilishi qarori asosida unga to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishi mumkin.
Sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga nomzod kreditorlar yig‘ilishi yoki agentlik tomonidan taqdim etilmagan hollarda, u palata tomonidan maxsus elektron tizim orqali tanlangan nomzodlar orasidan sud tomonidan tayinlanadi.
Sud boshqaruvchilarining ish haqi esa bazaviy va natijaga bog‘liq qismlarga ajratiladi. Natijaga bog‘liq to‘lov sanatsiya rejasida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish darajasidan kelib chiqib hisoblanadi.
Aprel oyi boshida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakat to‘lovga qobiliyatsizlik tizimini qanday yaxshilashi haqida choralar ko‘rib chiqilgandi.
Spot, avvalroq, Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilish haqida yozgandi.