Google Google Translate uchun “Tezkor tarjima” funksiyasini internetsiz ham ishlatish ustida ishlamoqda. Bu haqda Android Authority nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu esa chekka hududlarda chet elliklar bilan muloqot qilishda juda foydali bo‘lishi mumkin.

“Google Tarjima"ning Android uchun 10.17.48.914427315.6 versiyasida ushbu funksiyani ko‘rsatuvchi dastlabki izlar paydo bo‘ldi.

Hozirda u ishlamayapti: internet o‘chiqligida “Tezkor tarjima"dan foydalanishga urinish xatolik xabariga olib keladi.

Ta’kidlanishicha, funksiya internetsiz ishlashi uchun foydalanuvchiga tegishli til paketini yuklab olish taklif etiladi.

Dastlab, skrinshotlarga ko‘ra, ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan va portugal tillari qo‘llab-quvvatlanadi.

2025-yil dekabrida Google Tarjimonga real vaqt rejimidagi tarjima funksiyasi qo‘shilgani haqida xabar berilgandi.

Yangilanish bir vaqtning o‘zida uchta — matn tarjimasi sifati, jonli ovozli rejim va ilova orqali til o‘rganuvchilar uchun vositalarni qamrab oladi.

Yangilangan tizim allaqachon AQSH va Hindistonda ingliz tilidan yigirmaga yaqin tilga tarjima qilish uchun mavjud.

Ro‘yxatda ispan, hind, xitoy, yapon, nemis va boshqa tillar bo‘lib, ular Android va iOS uchun mobil ilovalar hamda xizmatning veb-versiyasida ham qo‘llanilmoqda.

Kompaniya Gemini’ning yangi audio imkoniyatlaridan foydalangan holda jonli ovozli tarjimani sinovdan o‘tkazish rejimiga kiritdi. Foydalanuvchi istalgan quloqchinni ulab, ilovani ochadi va Live Translate rejimini tanlaydi.