Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan O‘zbekistonga navbatdagi uchinchi tezyurar yo‘lovchi poyezdini multimodal yo‘nalish orqali yetkazib berish jarayoni yakunlandi. Bu haqda Temiryo‘lkargo matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat kompaniyasi ushbu muhim jarayonda xalqaro multimodal logistika operatori sifatida ishtirok etmoqda. Tashuvlar ishlab chiqaruvchi zavoddan O‘zbekistondagi yakuniy manzilgacha “eshikdan-eshikkacha” tamoyili asosida amalga oshirildi.

Dengiz, avtomobil va temir yo‘l transporti imkoniyatlari yagona tizimga birlashtirilib, kompaniya mutaxassislari tomonidan Janubiy Koreya-Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston maxsus tranzit marshruti ishlab chiqildi.

Mazkur tashuv doirasida yirik gabaritli vagonlarni maxsus transport vositalarida tashish, tranzit punktlarida xavfsiz qayta yuklash texnologiyalarini qo‘llash hamda tranzit, sug‘urta va bojxona jarayonlarini yagona logistika zanjiri asosida muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Loyiha doirasida dastlabki 7 ta vagondan iborat poyezd 2025-yilning 10-dekabr kuni Koreyaning Changvon shahridagi Masan portidan jo‘natilgan va joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonga muvaffaqiyatli yetkazib kelingan edi.

Joriy yilning 5-mayidan boshlab Toshkent va Xiva o‘rtasida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan olingan Jaloliddin Manguberdi tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi. Tarkib 7 vagonli va 389 o‘rinli bo‘lib, shaharlar o‘rtasida haftasiga uch marta qatnab, 1220 km masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Toshkentdan Andijon va Termizga tezyurar poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi 8 ta elektropoyezdni yetkazib berishi mumkin. Tomonlar texnik shartlarni yakuniy kelishish masalasini ko‘rib chiqdi.