Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda qo‘shni davlatlar yiliga $13 mlrdlik qurilish materiallarini import qilayotgani aytildi.
“Bir narsani bilinglar: tashqi bozorlarda kuchli raqobat, har bir dollar uchun kurash ketayotgan hozirgi sharoitda eksportni ko‘paytirish uchun noan‘anaviy yechimlar kerak”, — dedi davlat rahbari.
Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga eksportni qo‘shimcha $440 mlnga oshirish imkoniyati mavjudligi ta‘kidlandi. Masalan, Ozarbayjon, Gruziya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda uy-joy, tijorat obyektlari qurish bo‘yicha katta dasturlar amalga oshirilyapti.
Tarmoq mutasaddilari va hokimlarga qurilish materiallari korxonalari va developerlarni bir-biriga bog‘lab, bizga yaqin mintaqalardagi bozorlarga kirib borsa, bu davlatlarda milliy mahsulotlarimiz asosida namunali uy-joylar va noturar obyektlarni qurib ko‘rsatsa, qo‘shilgan qiymat karrasiga oshishi ko‘rsatib o‘tildi.
Uy-joy qurish bo‘yicha ushbu davlatlarning ishonchli hamkoriga aylana olsak, elektrotexnika, uy tekstili, mebel korxonalarga ham yo‘l ochiladi, eksport imkoniyatlari ko‘payadi.
Shu bois, mas‘ullarga Boku, Tbilisi, Moskva, Ostona va Bishkekda 3−4 tadan namunali, energiya tejamkor uy modelini qurib, road-shou o‘tkazish topshirildi.
So‘nggi o‘n yilda qurilish materiallari tarmog‘i korxonalari foydalanadigan shartli yoqilg‘i hajmi 2 karra kamaydi.
Sohadagi elektr iste‘molining 65%i to‘g‘ri keladigan 34 ta yirik korxonada energiya auditi o‘tkazilgani hisobiga o‘tgan yilning o‘zida 240 mln kVt-soat elektr tejaldi.
Lekin bu hali kam ekani qayd etildi. Viloyat hokimlariga qurilish materiallari korxonalarini texnologik modernizatsiya qilish orqali energiya sarfini kamaytirish bo‘yicha katta dasturni boshlash topshirildi.
Bunda isitish va quritish pechi, tegirmon va energiya sarfi yuqori boshqa uskunalarni energiya tejamkoriga almashtirgan korxonalarga so‘mdagi kreditining 7%i, xorijiy valyutada bo‘lsa, 4%i kompensatsiya qilib beriladi.
Bu yil yana 38 ta yirik korxonada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy qilib, 400 mln kVt-soat elektrni iqtisod qilish zarurligi qayd etildi.
Spot, avvalroq, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun $50 mln ajratilishi haqida yozgandi.