Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yirik va megaloyihalarga sarmoya kiritayotgan investorlar import materiallarni olib kelishda QQSdan ozod qilishni so‘rashi taʼkidlandi. Shu bilan birga, bunday loyihalarga o‘z mahsulotlarini taklif qilish istagida yurgan mahalliy korxonalar ham ko‘pligi aytildi.

Ular “Qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz mahalliy mahsulotlarga ham qo‘llanilsa, sifat bo‘yicha ham, standart bo‘yicha ham raqobatga tayyormiz”, demoqda.

Mutasaddilarga yirik va megaloyihalarga import va mahalliy mahsulotlarni yetkazib berishda teng sharoitni ta‘minlash bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Hozirda sohadagi 457 ta korxonaning kredit bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi 3,5 trln so‘mga yetgani qayd etildi. Bunga sabab sifatida ushbu korxonalar chiqarayotgan mahsulotlar tannarxi qimmatligi, bugungi bozor talabiga to‘liq javob bermagani uchun xaridor topa olmayotgani ko‘rsatildi.

Mas‘ullarga 457 ta korxonaning har biriga borib, ularni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli dastur ishlab chiqish, ayni maqsadlar uchun $50 mln resurs ajratish topshirildi.

Mazkur mablag‘lar mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali tannarxni pasaytirish va bozorda talab yuqori mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Yaqinda hududlarda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ikki yillik katta dastur qabul qilindi.

Dastur doirasida 34 ta yirik turizm obyekti, 1 mingdan ortiq joylashtirish vositasi, xususan, 200 ta mehmonxona qurish reja qilingan.

Masalan, Parkentda yaqinda ochiladigan “Kumushkon resort” turizm kompleksida 98% mahalliy qurilish materiallari ishlatilmoqda.

Hokimlar ham hududidagi barpo etilayotgan mehmonxonalarda mahalliy materiallar ulushini kamida 95% ga yetkazishi zarurligi qayd etildi.

Buning uchun keyingi yil yakuniga qadar mehmonxona qurish va bezatishda foydalaniladigan lok-bo‘yoq ishlab chiqarishni 119 mingdan 150 ming tonnaga, santexnikani 1,5 milliondan 2 mln donaga, PVX quvur va fitinglarni 255 mingdan 300 ming tonnaga, gulqog‘ozni 6 mln 7,5 mln tonnaga, dekorativ panellarni 15 mln kvadratdan 18 mln kvadrat metrga yetkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Spot, avvalroq, prezident qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarini yirik loyihalar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratishni topshirgani haqida yozgandi.