Avvalroq prezident raisligida qurilish materiallari tarmog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari qurilish materiallari sohasini quruvchining ishonchini qozonib, sifat, standart, assortiment va narx bo‘yicha kompleks yechim taklif qiladigan tarmoqqa aylantirish lozimligini ta‘kidladi.
Bundan 10 yil oldin mahalliy qurilish materiallari deganda qum-shag‘al, g‘isht, sement, oyna va shifer tushunilar edi. Bu nari borsa qurilishda ishlatiladigan jami materiallarning 35−40% ini tashkil qilgan.
So‘nggi o‘n yilda sohaga $12 mlrd investitsiya kiritildi, 4 mingdan ortiq yangi zamonaviy korxonalar ishga tushdi.
Sement, oyna, bazalt, keramik buyumlar, gazoblok, quruq qorishmalar kabi asosiy turdagi 20 dan ortiq mahsulotlarga bo‘lgan ichki talabni to‘liq qoplaydigan quvvatlar yaratildi. Issiqlik saqlovchi, kompozit material, ekologik pardozlash materiallari va pol qoplamalari kabi yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi yo‘nalishlar jadal rivojlanmoqda.
Umuman, yangi uy-joylar va sanoat binolari qurishga kerak bo‘ladigan 98% materiallarni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning hisobiga o‘tgan davrda sohada ishlab chiqarish hajmi 7 trlndan 53 trln so‘mga oshdi. Sohadagi eksport o‘tgan yili $1,2 mlrdni tashkil qildi.
O‘tgan davrda mazkur tarmoq import o‘rnini qoplashning muhim bosqichidan o‘tdi.
Yil boshida aholini uy-joy bilan ta‘minlash bo‘yicha katta dastur qabul qilinib, 2040-yilga qadar quriladigan uy-joylar sonini 2 karra oshirib, yiliga 280 mingga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlarini 61 tadan 120 taga ko‘paytirish reja qilindi.
Yiliga 20−25 mln kvadrat metrli tijorat binolari foydalanishga topshirilayotgani, uy-joy va tijorat binolarining o‘zigina yiliga kamida 10 mlrdlik qurilish materiallariga talab yaratishi aytildi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumida hamkorlarga yana $27 mlrdlik infratuzilma loyihalari taklif qilindi.
Masalan, Jizzaxda atom elektr stansiyasi ni, Toshkent viloyatida 4-misni boyitish fabrikasi, O‘rta Chirchiqda 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega Yangi Toshkent aeroporti, Yangi Toshkentda 55 ming o‘rinli futbol stadioni, 282 kilometrli Toshkent — Samarqand yo‘lini qurish kabi yirik loyihalarga ham birinchi navbatda qurilish materiallari zarurligi taʼkidlandi.
Umuman, yirik loyihalarda foydalaniladigan materiallarga standart, sifat, sertifikat bo‘yicha yuqori talablar qo‘yilishi tabiiy. Shu bois, yirik loyihalarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan bog‘laydigan yangi tizim yaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston AES qurilishi uchun Rossiyadan imtiyozli eksport krediti olishi haqida yozgandi.