O‘zbekistonda dollar kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
2-iyuldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 934,24 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 75 so‘m 3 tiyinga pasaydi.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
2026-yilning yanvar-iyun oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan biroz zaiflashdi. Iyun oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 58,9 so‘mga yoki 0,49% ga pasayib, 12 060,84 so‘mni tashkil etdi.
Iyun oyi boshida kurs 12 000 so‘m atrofida edi, biroq 3−4-iyun kunlari keskin pasayib, 11 935 so‘m atrofida minimal darajaga tushdi. Keyin tiklanish kuzatildi: 19-iyunga kelib dollar oylik eng yuqori darajaga — 12 085 so‘mga yetdi. So‘nggi o‘n kunlikda kurs biroz o‘zgardi, ammo oy oxiriga kelib yana ko‘tarildi va 12 060 so‘mdan yuqoriga ko‘tarildi.
Avvalroq Spot banklardan $500 gacha valyutani pasportsiz xarid qilishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.
Mijozlar bankdan $500 gacha bo‘lgan naqd chet el valyutasini pasport, ID-karta yoki ularning o‘rnini bosadigan boshqa hujjatlarsiz olishlari mumkin.
Amaldagi tartib bilan ushbu limit $100 ni tashkil etadi. Yangi tartib hujjat qabul qilingan kundan e’tiboran 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qaror loyihasi joriy yilning mart oyida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi.