Ozarbayjonda 16 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishini taqiqlanadi. Bu haqda Oxu.az nashri xabar berdi.
Milliy Majlis Ozarbayjonda yoshga oid cheklovlar qo‘llaniladigan ijtimoiy tarmoq platformalari faoliyati bilan bog‘liq talablarni buzganlik uchun jarimalarni yakuniy o‘qishda qabul qildi.
Parlament navbatdan tashqari sessiyasining bugungi yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Axborot, axborotlashtirish va axborotni himoya qilish to‘g‘risida"gi hamda “Bolalarni zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlarga taklif etilayotgan o‘zgartishlar loyihasi muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, Ozarbayjonda ijtimoiy tarmoq platformalarida foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga oid talablar joriy etilmoqda.
Qayd etilishicha, 16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun shaxsiy raqamli akkaunt yaratish taqiqlanadi.
Platformalar ro‘yxati tegishli ijro hokimiyati organi tomonidan tayinlangan organ (muassasa) tomonidan belgilanadi.
Shaxsiy raqamli akkauntni yaratishda provayder yosh cheklovini nazorat qilishning quyidagi texnik usullarini izchil qo‘llashni ta’minlashi lozim:
- foydalanuvchi tomonidan o‘z yoshini e’lon qilish;
- ko‘rsatilgan yoshni tasdiqlash, shuningdek, bank kartasi ma’lumotlari, elektron pochta manzili va mobil telefon raqamini taqdim etish orqali 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolaning qonuniy vakilining shaxsiy raqamli akkaunt yaratish uchun roziligini olish.
Ushbu ma’lumotlar asosida provayder foydalanuvchi ko‘rsatgan yoshni uning elektron pochtasi va mobil telefon raqamiga so‘rov yuborish orqali tekshiradi.
Shuningdek, 16−18 yoshdagi bolaning qonuniy vakiliga so‘rov yuborish hamda foydalanuvchiga tegishli bank kartasidan pul mablag‘larini (keyinchalik qaytarish sharti bilan) yechib olish yo‘li bilan ham tekshiruv o‘tkaziladi.
Foydalanuvchining yoshini aniqlashda provayder qonunda nazarda tutilmagan boshqa texnik usullardan ham foydalanishi mumkin.
Buning uchun tegishli ijro etuvchi hokimiyat organi (muassasasi)ning roziligi talab etiladi hamda bu usullar Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlangan huquq va erkinliklarni cheklamasligi, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, davlat siri, shaxsiy ma’lumotlar va axborot xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga zid bo‘lmasligi kerak.
27-iyun kuni O‘zbekistonda ham 16 yoshga to‘lmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova bu bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ma’lum qildi.
18-iyun kuni BAAda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishi taqiqlandi.
Bu yoshdagi o‘smirlarga shaxsiy akkaunt yaratish yoki platformalarning to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Qayd etilishicha, ota-onalarning rasmiy roziligi ham yangi qoidalardan istisno bo‘lmaydi.
Rasmiylar tegishli standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish uchun ijtimoiy tarmoqlarga 12 oygacha muddat berdi.
Avvalroq Slovakiyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif etilgani haqida xabar berilgandi.
Hukumat tashabbusni avgust oyida ko‘rib chiqadi. Agar qonun loyihasi ma’qullansa, yangi qoidalar 2027-yildan kuchga kirishi mumkin.
15-iyun kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 2027-yil bahoridan mamlakatda 16 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.
Starmerning ma’lum qilishicha, hukumat bu boradagi qonunni 2026-yil 25-dekabrigacha qabul qilishni reja qilgan. Taqiqning o‘zi esa 2027-yil bahoridan kuchga kiradi.
Bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash
O‘tgan yili Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqladi.
2026-yil evral oyida Portugaliya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashini ma’lum qildi.
Cheklovlar Instagram, Facebook va TikTok’ga tatbiq etiladi, ammo ota-onalar farzandlari bilan muloqot qiladigan WhatsApp’ga qo‘llanilmaydi.
Joriy yil mart oyi boshida Indoneziya 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun “yuqori xavfli” ijtimoiy tarmoqlarni taqiqladi.
Shuningdek, aprel oyida Turkiya parlamenti 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Gretsiya esa 2027-yildan 15 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Mamlakatda o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, fuqarolarning qariyb 80%i bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.
May oyida Qozog‘istonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.
Hukumat hozirda tegishli normani muhokama qilmoqda va unga bolalarning onlayn platformalarga kirishini cheklash kiritilgan.
Shuningdek, Kanadada ham 16 yoshdan kichiklarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
10-iyun kuni hukumat bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash va sun’iy intellektli chat-botlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi.
Avvalroq Spot ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish stressga sabab bo‘lishi haqida yozgandi.
Barcha afzalliklarga qaramay, ularda o‘tkazilgan vaqt idrok va his-tuyg‘ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi, tashvish va stressni keltirib chiqaradi.