Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda El-yurt umidi jamg‘armasi orqali iste‘dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda oxirgi yillarda davlat boshqaruvida kadrlarni tanlash va baholash tizimi izchil raqamlashtirildi. Ilk bor 87,7 ming nafar davlat xizmatchisining yagona elektron maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlov asosida, nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini inson omilisiz baholash orqali amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda sunʼiy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani qayd etildi.

Energetika va “yashil” texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.

Davlat rahbari tayyor kadrlar bazasi bo‘lmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, ish samaradorligi va qarorlar sifati pasayishini taʼkidladi.

Kadrlarni baholashda eskicha “obyektivka” usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi.

Katta maʼlumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sunʼiy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Mazkur tizimni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy taʼlim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etildi.

Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030-yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning mart oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kadrlarni baholashda eski namunadagi “obyektivka"dan voz kechib, ilg‘or IT-texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi taʼkidlangandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda vakansiyalar soni qariyb 10% ga oshgani haqida yozgandi.