O‘zbekistonda dollar kursi pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
30-iyuldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 035,26 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 15 so‘m 08 tiyinga pasaydi.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida eksport tushumlari, yuridik shaxslar valyuta taklifi va xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining oshishi hisobiga so‘m kursi nisbatan barqaror saqlanib qoldi.
Hisobot davrida dollar kursi 11 935−12 320 so‘m oralig‘ida o‘zgarib, iyun oxirida 12 009 so‘mni tashkil etdi. Bu yil boshiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan. Shu bilan birga, almashuv kursining kunlik tebranishi 30,2 so‘mgacha (0,25%) yetdi. O‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 22,7 so‘m (0,18%) bo‘lgan.
Regulyator Xalqaro valyuta jamg‘armasining iyun oyidagi kelishuvlarining IV moddasi yuzasidan hisobotida O‘zbekiston almashuv kursi rejimi “crawl-like” (sudraluvchi) dan “floating” (suzuvchi) toifasiga qayta baholanganini alohida eslatib o‘tdi.
XVJning baholashicha, almashuv kursining moslashuvchanligi inflyatsion targetlash tizimi samaradorligini oshirish va tashqi shoklar ta’sirini yumshatishning muhim sharti hisoblanadi. Markaziy bank valyuta kursi rejimi maqomining o‘zgarishi makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, inflyatsiyani pasaytirish va iqtisodiyotning tashqi shoklarga bardoshliligini kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning muhim natijasi, deb hisoblaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 13% ga oshib, olti oyda $9,3 mlrdga yetgani haqida yozgan edi.