Rossiyada Telegram asoschisi Pavel Durovga terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashganlik ayblovi qo‘yildi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) ga tayanib, RBK nashri xabar berdi.
Idoraga ko‘ra, messenjer Ukraina maxsus xizmatlari qo‘poruvchilik, terrorchilik harakatlari, ommaviy qotilliklar va kiberfiribgarlikni tayyorlash hamda muvofiqlashtirishda foydalangan “ko‘plab kanal, chat va botlarni” o‘chirib tashlamagan.
Idora Ukraina maxsus xizmatlari Dayvinchik/Leo tanishuv chat-botidan odamlarni jinoiy faoliyatga jalb qilish uchun foydalanganiga oid “ko‘plab holatlar aniqlanib, hujjatlashtirilganini” bildirdi.
FXX, Ichki ishlar vazirligi va Tergov qo‘mitasi xodimlari 2025-yil iyulidan buyon Moskva va Sankt-Peterburg, shuningdek, boshqa hududlarda 12 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 46 nafar fuqaroni qo‘lga olgan. Ular Ukraina maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan politsiya xodimlariga hujum qilgan va turli obyektlarga o‘t qo‘ygan.
Shu bilan birga, ular firibgarlik qurbonlaridan olingan pullarni kriptovalyuta ayirboshlash punktlariga yetkazib, dushman nazoratidagi hisoblarga o‘tkazishda kuryer sifatida ham qatnashgan.
Qayd etilishicha, Pavel Durovga Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi (terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish) bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.
Bundan tashqari, terrorchilik harakati, diversiya, mol-mulkni qasddan yo‘q qilish yoki shikastlash, bezorilik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining hayotiga suiqasd qilish moddalari bo‘yicha ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Spot Pavel Durov Fransiyada yana so‘roq qilingani haqida yozgan edi. Durov olti soatdan ortiq ko‘rsatma berdi. Bu uning 2024-yildan beri Fransiyadagi to‘rtinchi so‘rog‘i hisoblanadi.