O‘zbekistonliklar Dubay xalqaro aeroportidagi biznes va birinchi toifa yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan maxsus kutish zallariga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi bo‘yicha jami 80 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ish vaqti kuniga 8 soatni, mehnat shartnomasi muddati esa 2 yilni tashkil etadi. Oylik ish haqi 8 226 BAA dirhami ($2250) etib belgilangan.
Nomzodlar 20−30 yosh oralig‘ida bo‘lishi, mehmonxona va restoran xizmati yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislikka, ovqat va ichimliklar xizmati sohasida kamida bir yillik ish tajribasiga hamda ingliz tilini kamida B2 darajada bilishga ega bo‘lishi kerak. Ielts, Toefl yoki boshqa xalqaro til sertifikatiga ega nomzodlarga ustunlik beriladi.
Ish beruvchi ishchi vizasi, O‘zbekiston-BAA aviachiptasi, aeroportdan transfer, ish ruxsatnomasi, tibbiy sug‘urta, turar joy, ovqatlanish va ish joyiga transport xarajatlarini qoplaydi. Shuningdek, ish haqidan daromad solig‘i ushlab qolinmaydi.
Arizalar 13-avgustga qadar qabul qilinadi. Hujjatlar 3−7 kun ichida ko‘rib chiqiladi, saralashdan o‘tgan nomzodlar esa 20−25-avgust kunlari onlayn suhbat bosqichida ishtirok etadi.
Spot, avvalroq, AQSH kompaniyasi o‘zbekistonliklarni mavsumiy ishga jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qilmoqchi ekani haqida yozgandi.