O‘zbekistonda dollar kursi yana pasaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
31-iyuldan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 12 006,39 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 28 so‘m 87 tiyinga pasaydi.
30-iyul holatiga ko‘ra, banklarda sotib olish kursi 11 900−12 000 so‘m, sotish kursi esa 12 040−12 095 so‘m oralig‘ida shakllangan. Dollarni eng yuqori narxda Anor Bank, Asaka Bank va Mikrokreditbank (12 000 so‘m) xarid qilmoqda, eng arzon narxda esa Asia Alliance Bank, APEX Bank, Xalq Banki va Tenge Bank (12 040 so‘m) sotmoqda.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 20% ga oshib, $32 mlrdni, taklif esa 31% ga ko‘payib, $27,8 mlrdni tashkil etdi. Natijada valyuta bozoridagi taqchillik qariyb 24% ga kamayib, $4,2 mlrdga tushdi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ko‘p. Shu davrda mamlakatdan $1,33 mlrd mablag‘ yuborilgan bo‘lib, xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekistonda milliy to‘lov svitchini 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.