Sobiq ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq direktori Akmal Ortiqov hamda boshqa ayblanuvchilarga oid jinoyat ishlari Toshkentdagi tuman sudlarida ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Bekmurod Abdullayev va yana 29 nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Yangihayot tuman sudi tomonidan (Yunusobod tuman sudi binosida) ko‘rilmoqda. Unga Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste‘mol qilish hamda boshqa moddalar bilan ayblov e‘lon qilingan.
Akmal Ortiqov va yana besh nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi esa Mirobod tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Ular Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va boshqa moddalar bilan ayblanmoqda.
Shuningdek, A. Ashurov va yana uch nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi Bektemir tuman sudida mazmunan ko‘rib chiqilmoqda.
Sudlar qayd etishicha, mazkur jinoyat ishlarida qonun bilan muhofaza qilinadigan hamda shaxsiy hayotga oid ma‘lumotlar mavjudligi sababli sud ajrimlariga asosan barcha jarayonlar yopiq sud majlisida o‘tkazilmoqda.
Sud jarayonlari yakunlangach, qo‘shimcha ma‘lumot berilishi ma‘lum qilindi.
Bekmurod Abdullayev joriy yilning yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev tanqididan so‘ng ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi. O‘shanda davlat rahbari IIV tizimida 186 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlanganini ma‘lum qilib, sobiq vazir o‘rinbosari hamda Jazoni ijro etish departamentining sobiq boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytgandi.
Akmalxon Ortiqov ham yanvar oyida lavozimidan ozod etilgan. Bunga Davlat aktivlarini boshqarish agentligida aniqlangan qonunbuzarliklar sabab bo‘lgan. Prezidentning ta‘kidlashicha, agentlik mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasini yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotgan. Shundan so‘ng davlat rahbari davlat mulkini realizatsiya qilish bilan bog‘liq bitimlarni atroflicha tekshirish va barcha korrupsion sxemalarni aniqlashni topshirgan.
Spot, avvalroq, Mubin Mirzayev 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida yozgandi.