O‘zbekistonda palma yog‘iga aksiz solig‘i joriy etish taklif qilindi. Bunday tashabbusni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma‘murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti ilgari surdi. Taklif 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda taqdim etildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.

Institut aksiz solig‘ining o‘ziga xos stavkasini bir tonna uchun $139 (taxminan 1,7 mln so‘m) miqdorida belgilashni taklif etmoqda. Bu 2026-yilda palma yog‘ining o‘rtacha import qiymatining ($1388 yoki 16,93 mln so‘m) taxminan 10% iga tengdir.

Tashabbus mualliflarining hisob-kitoblariga ko‘ra, yillik import hajmi 12,8 ming tonnani tashkil etgan taqdirda, bu budjetga qariyb 21,7 mlrd so‘m qo‘shimcha tushum ta‘minlaydi.

Institut o‘z tashabbusini asoslash uchun bir nechta dalil keltiradi. Birinchidan, mualliflarning fikricha, palma yog‘ining narxi uning iste‘moli aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimiga yuklaydigan xarajatlarni aks ettirmaydi. Iqtisodiy nazariyada bunday soliqlar ijtimoiy xarajatlarning bir qismi tovar narxiga kiritilmagan holatlardagi “tashqi ta‘sirlarni” hisobga olish usuli sifatida qaraladi.

Ikkinchidan, institutning qayd etishicha, iste‘molchilar ko‘pincha yetarli ma‘lumotga ega emasligi va o‘zini o‘zi nazorat qilish cheklangani sababli bunday mahsulotlarning ehtimoliy zararini yetarlicha baholay olmaydi. Bundan tashqari, palma yog‘ining aksariyat qismi sof holda emas, balki qayta ishlangan mahsulotlar tarkibida iste‘mol qilinadi. Shu bois, mualliflarning fikricha, faqat markirovkaning o‘zi yetarli emas — soliqqa tortish orqali narx signali berish samaraliroq vosita hisoblanadi.

Shuningdek, taqdimotda xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari ham keltirilgan. Xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zining Fiscal policies for diet and the prevention of noncommunicable diseases (2016) nomli ma‘ruzasida tarkibida to‘yingan yog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarga soliq solishni yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish vositalaridan biri sifatida ko‘rib chiqishni tavsiya etadi.

Jahon banki esa, o‘z navbatida, bunday aksizlar bir vaqtning o‘zida ham iste‘mol tarkibini to‘g‘rilashga, ham budjetga barqaror tushumlarni ta‘minlashga qodir ekanligini ta‘kidlaydi.

Taqdimotda amaldagi soliq imtiyozlari va nol foizli stavkalar muqobil mahsulotlarga nisbatan eng kam foydali yog‘ turlari uchun narx ustunligini yaratayotgani alohida ta‘kidlangan. Institut fikricha, aksiz solig‘ining joriy etilishi ushbu nomutanosiblikni qisman bartaraf etishga imkon beradi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2028-yildan yirik korxonalar uchun uglerod solig‘ini joriy etish taklif etilayotgani haqida yozgandi.