O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
4-avgustdan amal qiladigan Amerika valyutasining rasmiy kursi 11 989,46 so‘m etib belgilandi. Savdo kuni davomida kurs 29,28 so‘mga oshdi.
3-avgust holatiga ko‘ra, banklarda sotib olish kursi 11 900−11 960 so‘m, sotish kursi esa 12 000−12 030 so‘m oralig‘ida shakllangan. Dollarni eng yuqori narxda InfinBank va Universalbank (11 960 so‘m) xarid qilmoqda, eng arzon narxda esa Orient Finans Bank va Agrobank (12 000 so‘m) sotmoqda.
Valyutalar kursining o‘zgarish dinamikasi hamda banklardagi valyuta kurslari bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda xorijiy valyutaga bo‘lgan talab 20% ga oshib, $32 mlrdni, taklif esa 31% ga ko‘payib, $27,8 mlrdni tashkil etdi. Natijada valyuta bozoridagi taqchillik qariyb 24% ga kamayib, $4,2 mlrdga tushdi.
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% ko‘p. Shu davrda mamlakatdan $1,33 mlrd mablag‘ yuborilgan bo‘lib, xalqaro pul o‘tkazmalarining ijobiy saldosi qariyb $8 mlrdni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi banklarga sotgan xorijiy valyuta hajmi xarid qilganidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi.
Avvalroq O‘zbekistonda milliy to‘lov svitchini 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.