Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiyada xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kirituvchi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, mamlakatda ishlayotgan xorijiy fuqarolar uchun daromad va oila a’zolarini ta’minlash bo‘yicha yangi talablar joriy etiladi.
Yangi tartibga asosan, mehnat migrantlari o‘zini hamda Rossiyada yashayotgan va o‘z qaramog‘idagi oila a’zolarini tegishli hududda belgilangan yashash minimumidan kam bo‘lmagan daromad bilan ta’minlashi shart bo‘ladi.
Agar migrant bir vaqtning o‘zida bir nechta hududda ishlasa, hisob-kitob eng yuqori yashash minimumi belgilangan hudud bo‘yicha amalga oshiriladi. Hududlar yashash minimumiga qo‘shimcha mintaqaviy koeffitsiyent ham belgilashi mumkin.
Qonunga ko‘ra, ushbu talab bajarilmasa, xorijiy fuqaroning patenti yoki ishlash ruxsatnomasi uzaytirilmaydi. Natijada u va voyaga yetmagan farzandlari Rossiyani belgilangan muddat ichida tark etishi talab qilinadi.
Shuningdek, 18 yoshga to‘lgan migrantlarning farzandlari Rossiyada qolish uchun mustaqil ravishda qonuniy asosni rasmiylashtirishi yoki mehnat patenti olishi, aks holda mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, qonun mehnat migrantlari uchun qat’iy avans tarzidagi jismoniy shaxslar daromad solig‘i (JSHDS) to‘lovlariga oid yangi qoidalarni ham belgilaydi.
Ayrim toifadagi xorijiy fuqarolar nafaqat o‘zlari, balki Rossiyada qaramog‘idagi oila a’zolari uchun ham qo‘shimcha avans to‘lovlarini amalga oshiradi.
Qonunning asosiy qoidalari 2027-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Rossiya hukumati ushbu o‘zgarishlar mehnat migratsiyasi ustidan nazoratni kuchaytirish, noqonuniy bandlikni kamaytirish va soliq tushumlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar joylashuvini kuzatish uchun telefon sotib olishlari shart bo‘lishi haqida yozgandi.
U orqali Rossiya IIV chet elliklarning harakatini kuzatib borishi va ularga hujjatlar haqida xabarnoma yuborishi mumkin.