Pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar amalga oshirilsa, yiliga qo‘shimcha 3 trln so‘m daromad shakllanishi mumkin. Bu haqda 30-iyul kuni o‘tkazilgan muloqotda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Taqdimotda qayd etilishicha, hozirda O‘zbekistonda 4,3 mln nafar pensiya oluvchi mavjud. Pensiya jamg‘armasiga davlat budjetidan 23 trln so‘m to‘g‘ridan to‘g‘ri transfert hamda 12 trln so‘m bilvosita qo‘llab-quvvatlash ajratilmoqda.
Amaldagi tizimning asosiy muammolari sifatida jamg‘arma daromadlarining pensiya to‘lovlarini to‘liq qoplamasligi, aholining 48% rasmiy sektordan tashqarida ishlashi, sug‘urta bazasining yetarli emasligi va badallar bilan pensiya huquqlari o‘rtasidagi bog‘liqlikning zaifligi ko‘rsatildi.
Taklif etilayotgan yondashuv sug‘urtaga oid bo‘lmagan davrlarni davlat budjeti hisobidan moliyalashtirish, mehnat huquqlarini himoya qilish, rasmiy ishga joylashishni soddalashtirish va nazoratni kuchatirish orqali rasmiy bandlikni kengaytirishni ilgari suradi.
Shu bilan birga, minimal sug‘urta stajini 7 yildan 15 yilgacha bosqichma-bosqich oshirish va pensiyani so‘nggi 20 yillik daromad asosida hisoblash taklif etilmoqda.
Buning uchun 1 mln kishini rasmiy bandlikka jalb etish va ularning o‘rtacha ish haqini 2 mln so‘m etib shakllantirish nazarda tutilgan.
Tashabbuskorlarga ko‘ra, transfertlarga qaramlikni kamaytirish natijasida yiliga budjetga 3 trln so‘m qo‘shimcha daromad kelib tushadi. Ushbu mablag‘lar evaziga esa 480 o‘rinli 100 ta maktab qurish mumkin.
Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar va YTTlar uchun ijtimoiy soliq eng kam ish haqiga bog‘lanishi mumkinligi haqida yozgan edi.
