Slovakiyada qurilish sohasida ishlash uchun o‘zbekistonliklardan arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Bino termoizolyatsiyasi va kafel yotqizish yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Nomzodlar 18−50 yoshdagi, ingliz yoki rus tilini muloqot darajasida biladigan, mazkur yo‘nalishda ish tajribasiga ega hamda jismonan sog‘lom erkaklar bo‘lishi kerak.

Mehnat shartnomasi ikki yilga tuziladi. Ish haftasiga besh kun, kuniga sakkiz soatdan iborat.

Oylik maosh bajarilgan ish hajmiga qarab 1000 yevrodan 2125 yevrogacha (qo‘lga tegadigan) etadi.

Ish beruvchi ishchi vizasi, O‘zbekiston-Slovakiya aviachiptasi, ish ruxsatnomasi va tibbiy sug‘urta xarajatlarini qoplaydi.

Nomzod esa ovqatlanish xarajatlarini o‘zi qoplaydi, turar joy uchun oylik maoshidan 150 yevro ushlab qolinadi.

Arizalar 5-avgust kuni soat 18:00 gacha qabul qilinadi. Hujjatlari saralangan nomzodlar 12−19-avgust kunlari onlayn suhbatdan o‘tadi.

Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganlar uchun 20−28-avgust kunlari ish beruvchi tomonidan amaliy imtihon tashkil etiladi.

Yakuniy tanlov natijalari 10-sentabrgacha e‘lon qilinadi. Shundan so‘ng tanlab olingan nomzodlar uchun ishchi vizasini rasmiylashtirish jarayonlari boshlanadi.

Iyul oyi boshida Slovakiya o‘zbekistonlik kara haydovchilarini ishga taklif qilgandi.


Spot, avvalroq, Belarus O‘zbekistondan yana 5 ming nafar mehnat migrantini jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.