Maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi doirasida 338 ta omonat ochilib, ularda jami 23,9 mlrd so‘m mablag‘ jamg‘arildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma‘lum qildi.

Vazirlik ma‘lumotlariga ko‘ra, jamg‘arilgan mablag‘ning 10,1 mlrd so‘mi budjet subsidiyasi, 13,8 mlrd so‘mi esa omonatchilarning o‘z mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududlar kesimida Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida eng ko‘p — 45 tadan maqsadli ipoteka omonati ochilgan. Ulardan keyingi o‘rinlarni Namangan viloyati (43 ta), Qashqadaryo viloyati (33 ta) hamda Andijon viloyati (31 ta) egallagan.

Banklar orasida eng katta ulush Agrobank hissasiga to‘g‘ri kelib, unda 141 ta maqsadli ipoteka omonati ochilgan. Shuningdek, Biznesni rivojlantirish bankida 65 ta, Xalq bankida esa 50 ta shunday omonat shakllantirilgan.

Hozirda maqsadli ipoteka omonatlari bo‘yicha yillik foiz stavkalari 14−18% ni tashkil etadi. Eng yuqori — 18% lik stavka Hamkorbank, undan keyingi 16% lik stavka esa Biznesni rivojlantirish banki tomonidan taklif etilmoqda.

ipoteka, ipoteka omonati, iqtisodiyot va moliya vazirligi, maqsadli ipoteka, uy-joy

Maqsadli ipoteka omonati subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar uchun uy-joy sotib olishda dastlabki badalni shakllantirish maqsadida tijorat bankida 12 oygacha muddatga ochiladigan omonat hisobvarag‘i hisoblanadi.

Hisobvaraqda fuqaroning o‘z mablag‘lari bilan birga davlat subsidiyasi jamlanadi, shuningdek, jamg‘arilgan mablag‘larga bankning bozor foiz stavkasi bo‘yicha daromad hisoblanadi.

May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov O‘zbekistonda ipoteka omonatini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qilgan edi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank tasdiqlagan nizomga ko‘ra, ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olish uchun ijobiy xabarnomaga ega fuqarolar bankda maqsadli ipoteka omonati ochishi mumkin.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yarim yilda 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgani haqida yozgandi.