Nika Pharm, Astor Alliance va Evro Farm Biznes korxonalari dorilarni belgilangan narxlardan qimmatroq sotgani oqibatida olingan qariyb 100 mln so‘mni qaytardi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma‘lumotlariga ko‘ra, Fair Tech yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan ma‘lumotlar tahlili davomida kompaniyalar ayrim dori vositalarini sotishda belgilangan narxlarga rioya qilmagani aniqlangan.
Xususan, Nika Pharm Gastromeg Ezo kapsulalari, Astor Alliance Dolgit kremi va Mezim F 10000 tabletkalari, Evro Farm Biznes esa Brovensin siropini sotishda narxlarni asossiz oshirgani oqibatida jami qariyb 100 mln so‘m asossiz daromad olgan.
Qayd etilishicha, kompaniyalar qonunbuzarlikni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan. Soliq qo‘mitasidan kelib tushgan ma‘lumotlar asosida o‘tkazilgan o‘rganish yakunida asossiz olingan mablag‘lar qaytarilgan.
Raqobat qo‘mitasi dori vositalarini sotuvchi tadbirkorlik subyektlarini narx belgilash bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya qilishga chaqirdi.
Shuningdek, Fair Tech axborot tizimi orqali dori vositalariga qo‘llanilayotgan ustamalar muntazam tahlil qilinishi va aniqlangan qoidabuzarliklar ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishi tavsiya etildi.
Iyun oyida Nika Pharm tarixiy shaxslar obrazidagi dori reklamasi uchun jarimaga tortilgandi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi 237 ta dorixonada dori narxlari oshirib qo‘llanilganini aniqlagani haqida yozgandi.