Raqobat qo‘mitasi 2026-yilning ikkinchi choragida dori vositalariga belgilangan savdo ustamalarini oshirish holatlarini aniqladi.
Bunday huquqbuzarliklar Soliq organlari tomonidan aniqlanib, ular haqidagi ma‘lumotlar Qo‘mitaning Fair Tech yagona axborot tizimiga yuboriladi.
Ikkinchi chorak davomida tizimga kelib tushgan xabarlar asosida 237 ta dorixona, jumladan 33 ta ulgurji va 204 ta chakana savdo shoxobchasida qonunbuzilishlar aniqlangan.
Natijada 148 810 ta holatda dori vositalariga belgilanganidan yuqori savdo ustamasi qo‘llangani hamda buning oqibatida 1,9 mlrd so‘m asossiz daromad olingani ma‘lum bo‘ldi.
Asossiz olingan daromad iste‘molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, iste‘molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini tiklash choralari ko‘rildi.
Raqobat qo‘mitasi bu yo‘nalishdagi nazorat ishlari davom ettirilishini, qonunchilik talablarini buzgan dorixonalarga nisbatan choralar ko‘rilishi hamda ularning ro‘yxati ochiq e‘lon qilib borilishini ma‘lum qildi.
Fevral oyida qo‘mita 2025-yilda dori vositalarining referent narxlarini oshirish bilan bog‘liq 267 456 ta holat aniqlangani to‘g‘risida maʼlumot bergandi. Aprel oyi boshida esa idora 414,3 mingta qoidabuzarlik haqida xabar bergan, shulardan qariyb 147 mingtasi shu yil boshidan buyon qayd etilgan.
Joriy yilning birinchi choragida qo‘mita 190 dan ortiq dorixonada shunga o‘xshash 110,5 mingta holatni aniqlagandi. Natijada 1,4 mlrd so‘mdan ortiq asossiz olingan mablag‘larni qaytarish choralari ko‘rilgan edi.
Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi so‘zlar haqida ogohlantirgani haqida yozgandi.