Toshkent shahrining beshta tumanida bir kunga suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Toshkent shahar suv ta’minoti matbuot xizmati xabar berdi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida profilaktika ishlarini olib borish zarurati yuzaga kelgani sababli, 3-avgust soat 10:00 dan 4-avgust soat 10:00 gacha texnik ishlar olib boriladi. Shu vaqt davomida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Mirobod, Yashnobod va Yakkasaroy tumanlarining ayrim hududlarida ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Eng katta cheklovlar Mirzo Ulug‘bek tumaniga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 4720 ta xususiy va 55 ta ko‘p qavatli uy, 23 ta bog‘cha, 5 ta shifoxona, 4 ta masjid, shuningdek, Prezident maktabi, Prezident universiteti, Gubkin nomidagi universitet, Harbiy akademiya, Ekopark va boshqa qator muassasalarda suv ta’minoti uziladi.
Yashnobod tumanida 163 ta ko‘p qavatli va 565 ta xususiy uy, 8 ta maktab, 7 ta bog‘cha, Fanlar akademiyasi, Travmatologiya markazi, Temir yo‘l shifoxonasi, Parkent bozori, Anjumanlar saroyi hamda qator bank, mehmonxona va boshqa obyektlar suv ta’minotidan vaqtincha uziladi.
Mirobod tumanida 42 ta ko‘p qavatli va 350 ta xususiy uy, Markaziy bank, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zmilliybank, O‘zbekiston temir yo‘llari, Alisher Navoiy nomidagi teatr, 5-son tug‘ruqxona, bir qator elchixonalar va boshqa muassasalarda suv bo‘lmaydi.
Shuningdek, Chilonzor tumanida 8 ta ko‘p qavatli uy, Humo Arena, TIV, Bojxona qo‘mitasi va Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Yakkasaroy tumanida esa Prezident administratsiyasi, IIV, bir nechta elchixonalar, Seul-Mun savdo markazi, O‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda ayrim mahallalardagi ko‘p qavatli va xususiy uylarda suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Ro‘yxat bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin. Bundan tashqari, texnik ishlar amalga oshirilayotgan vaqtda mahalla va ijtimoiy obyektlarga maxsus transportlarda suv yetkazib beriladi. Maxsus texnikalar jo‘natish ro‘yxati bu yerda.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida yozgandi.