Turkmaniston xorijiy fuqarolar uchun elektron viza olish va onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimini ishga tushirdi. Bu haqda THP axborot portali xabar berdi.
Yangi tizimlar 2026-yil 1-oktabrdan ishga tushdi. Elektron viza tizimi orqali chet el fuqarolari Turkmanistonga kirish uchun internet orqali ruxsat so‘rashi mumkin.
Xizmat Turkmanistonning Davlat migratsiya xizmati tomonidan mamlakatning “Migratsiya to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq joriy etilgan.
Yangi xizmatlar ikki yo‘nalishni qamrab oladi:
- Elektron viza: migration.gov.tm portali orqali Turkmanistonga kirish uchun elektron ruxsat olishga ariza topshirish mumkin.
- Onlayn ro‘yxatdan o‘tish: rgstr.migration.gov.tm portali orqali mamlakatga kelgan xorijliklarni turgan joyi bo‘yicha migratsiya hisobiga qo‘yish, ro‘yxatdan o‘tish muddatini uzaytirish va hisobdan chiqarish jarayonlari elektron shaklda amalga oshiriladi.
Tizimlardan xorijiy sayyohlar, tadbirkorlar, diplomatlar hamda Turkmanistonda mehmonlarni qabul qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishi mumkin.
Bu xizmatlar hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtini qisqartirish, qog‘ozbozlikni kamaytirish va migratsiya idoralariga shaxsan borish zaruratini cheklashga qaratilgan.
Elektron viza tizimining joriy etilishi Turkmanistonga vizasiz kirish imkoniyati berilganini anglatmaydi.
Mamlakatga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar o‘z fuqaroligi va safar maqsadiga mos viza talablarini alohida tekshirishi kerak. E-viza olish uchun ariza topshirish ham uning avtomatik ravishda tasdiqlanishini anglatmaydi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston vizasiz sayohatlar qulayligi bo‘yicha 132-o‘rinni egallagani haqida yozgandi.