Prezident “Oliy ta‘limda dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra, 2027/2028 o‘quv yilidan OTMlarda ish beruvchi korxonalar buyurtmasi asosida va bitiruvchini ishga qabul qilish sharti bilan dual ta‘lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Dual ta‘limga qabul qilinadigan bakalavriat yo‘nalishlari va qabul parametrlari Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda OTM tomonidan belgilanadi. Talabalar korxonalar buyurtmasiga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida har yili 1-oktabrgacha qabul qilinadi.

Ta‘lim OTM, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida tashkil etiladi. Korxona talabaga o‘qish davomida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘laydi. Talaba esa o‘qishni tamomlagach, mazkur korxonada kamida ikki yil ishlab berishi kerak.

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan dual ta‘lim talabalariga ijtimoiy stipendiya to‘lanadi. Muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan davlat granti kvotalari doirasida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Dual ta‘limda tahsil olingan davr talabaning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.

2027-yildan dual ta‘limda kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalarda talabalarga biriktiriladigan murabbiylarni tayyorlash uchun maxsus kurslar tashkil etiladi.

2027/2028 o‘quv yili yakunidan boshlab OTMlar va buyurtmachi korxonalarning dual ta‘lim bo‘yicha samaradorlik reytingi yuritiladi. Eng yuqori natija ko‘rsatgan uchtadan OTM va korxona reytingdagi o‘rniga qarab 1 mlrd so‘mdan 3 mlrd so‘mgacha rag‘batlantiriladi.

Shuningdek, 2027-yildan muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida dual ta‘lim olayotgan har bir talaba uchun korxona tomonidan to‘langan ish haqi xarajatlarining 50% i o‘quv yili yakunida subsidiya shaklida qoplanadi.

Korxonalarga dual ta‘limga qabul qilingan talabalar soniga mutanosib ravishda Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi platformasida qo‘shimcha ball beriladi.

Bundan tashqari, korxonalar tomonidan OTM hududida dual ta‘lim uchun amaliyot bazasini tashkil etish maqsadida olib kiriladigan jihozlar, uskunalar va laboratoriya jihozlari uchun bojxona boji stavkasi 2030-yil 1-yanvargacha 1% etib belgilanadi.

Dual ta‘lim dasturi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun korxonalar xarid qilgan o‘quv uskunalari va jihozlariga uch yil muddatga tezlashtirilgan amortizatsiya qo‘llash huquqi beriladi.

30-sentabr kuni prezidentning ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvida OTMlarga ish beruvchi buyurtmasi asosida testsiz qabul yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlangan edi.

Spot avvalroq ikkinchi yoki keyingi yo‘nalishga kirganlar birinchi yo‘nalishda super-kontrakt asosida o‘qishi mumkinligi haqida yozgandi.