O‘zbekistonda gazdan foydalanishni qisqartirib, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni oshirishga chaqirildi. Bu haqda 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Dushanovning ma’lum qilishicha, Odas Enerji CA korxonasi 2026-yilning yanvar-iyun oylarida 168 milliard so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqargan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 mlrd so‘mga kam.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz-porshenli elektr stansiyasining quvvati 174 MVt bo‘lishiga qaramay, Energetika vazirligi huzuridagi Milliy dispetcherlik markazi undan atigi 50−60 MVt elektr energiyasi yetkazib berishni buyurtma qilmoqda. Bunga joriy yilda quyosh elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi keskin oshgani sabab bo‘lmoqda.

“Elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalar kamaygani sababli korxona past quvvatda ishlamoqda. Iltimos, Energetika vazirligi va O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari uning ishlab chiqargan elektr energiyasini 100% hajmda qabul qilishini ta’minlasin”, — deya qo‘shimcha qildi hokim o‘rinbosari.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha shartnoma shartlari haqida so‘raganida, hokim o‘rinbosari shartnomada ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasini sotib olish majburiyati ko‘zda tutilmaganini, xarid davlat ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshirilishini aytdi.

Odas Enerji CA vakili gaz-porshenli elektr stansiyasi gazdan foydalanishini ta’kidladi.

“Men energetika vaziri bo‘lganimda, gazdan foydalanishni qisqartirib, quyosh energiyasiga e’tiborni kuchaytirgan bo‘lardim. Gazning o‘zi ham yetishmayapti — aholiga ham, hech kimga ham yetarli emas”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Xodjayev zarurat tug‘ilganda Odas Enerji CA’dan elektr energiyasi xarid qilish masalasini bayonnomaga kiritishni topshirdi.

2022-yil mart oyida Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida Turkiyaning Odas Enerji CA kompaniyasi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan 174 MVt quvvatga ega gaz-porshenli elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Loyihaga kompaniya tomonidan $105 mln investitsiya kiritilgan.

Stansiya yiliga 1,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bunda har yili qariyb 175 mln kub metr tabiiy gaz tejalishi kutilgan.

KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, Odas Enerji CA 2021-yil fevralida ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav fondi 5,95 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya boshqa elektr stansiyalari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning yagona ta’sischisi Hidro Enerji Elektrik Üretim Sanayi Anonim Şirketi, rahbari esa Dereli Zehra Zeynep hisoblanadi.

elektr energiyasi, gaz, quyosh energiyasi, xorazm


Avvalroq Spot biznes uchun elektr energiyasi oldindan to‘lovi ikki baravar kamaytirilishi mumkinligi haqida yozgandi.