Tailandning Bangkok shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulligi Tailand elektron vizalarini rasmiylashtirish bo‘yicha tushuntirish berdi.

15-sentabrdan boshlab o‘zbekistonliklar Tailandga, jumladan, sayyohlik maqsadida borish uchun oldindan viza rasmiylashtirishi kerak. Elektron viza olish uchun arizalar hukumatning Thai E-Visa portali orqali qabul qilinadi.

Anketani to‘ldirib, barcha zarur hujjatlarni yuklaganidan so‘ng, ariza beruvchi $40 miqdoridagi viza yig‘imini Rossiyadagi Tailand elchixonasi orqali naqd pulda to‘lashi kerak. To‘lovni uchinchi shaxslar, jumladan, turistik agentliklar orqali amalga oshirishga ham ruxsat beriladi.

Tailand tomoni arizani faqat to‘lov amalga oshirilganidan keyin ko‘rib chiqadi. Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, arizani ko‘rib chiqish muddati 10 kundan oshmaydi. Biroq amalda viza tasdig‘i to‘lovdan keyin o‘rtacha 15 kun ichida keladi.

Diplomatik vakolatxona, shuningdek, Thai E-Visa saytida ayrim hollarda texnik nosozliklar kuzatilayotganidan ogohlantirdi. Jumladan, tizim ariza muvaffaqiyatli ko‘rib chiqilganini ko‘rsatishi mumkin, biroq viza tasdig‘i ariza beruvchining elektron pochta manziliga kelmasligi mumkin.

Nima bo‘ldi?

Avgust oyi oxirida Tailand hukumati O‘zbekiston va yana 92 ta davlat fuqarolari uchun amal qilgan 60 kunlik vizasiz rejimni bekor qilishga qaror qildi. Shu bilan birga, hukumat vizasiz kirish mumkin bo‘lgan 60 ta davlatning yangi ro‘yxatini tasdiqladi. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmadi.

2-sentabr kuni Uzbekistan Airways 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Tailand vizasini oldindan rasmiylashtirishi kerakligi haqida ogohlantirdi. Vizaga Thai E-Visa portali orqali ariza topshirish mumkin, biroq to‘lov faqat Moskvadagi Tailand elchixonasi orqali naqd pulda qabul qilinadi.

Ariza topshirish uchun xorijga chiqish pasporti, aviachiptalar va mehmonxona bronini tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Shuningdek, har bir kishining bank hisobida kamida 20 ming bat ($600 dan ortiq) yoki bir oila uchun 40 ming bat ($1200 dan ortiq) mablag‘ mavjudligini tasdiqlovchi bank ko‘chirmasi taqdim etilishi kerak.

Aviasales Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, vizasiz rejim bekor qilinganidan so‘ng o‘zbekistonliklarning Tailandga sayohat qilishga qiziqishi keskin pasaygan. Sentabr oyida aviachiptalarni qidirish chastotasi 81% ga, bronlar soni esa 84% ga kamaygan.


Avvalroq Spot Tailandda mamlakatdan chiqish uchun soliq joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.

Unga ko‘ra, mamlakatdan samolyot orqali chiqayotgan yo‘lovchilardan har bir safar uchun 1000 bat ($30) undirish rejalashtirilmoqda.