2019 yilning 14 yanvar kuni Oʻzbek-German biznes forumi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri tomonidan Germaniyalik hamkorlar bilan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish sohasida kelishuvlar imzolandi. Bu haqda AKT vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Germaniya bilan zamonaviy IT-texnologiyalarini joriy qilgan holda, Oʻzbekistonda yoʻl harakati xavfsizligini yanada kuchaytirish, yoʻl harakati qoidalarining buzilishi holatlariga zamonaviy foto-video qayd etish vositalarini joriy qilish borasida Germaniyalik hamkorlarning ishtiroki jadallashtiriladi.

Investitsiyaviy loyihani kelgusida yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida AKT vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzstandart” Agentligi va “ATLAS International” kompaniyalar guruhi tomonidan “Oʻzbekistonda yoʻl harakati qoidalari buzilishlarini foto-video qayd etish avtomatlashtirilgan tizimi” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish boʻyicha Kelishuv imzolandi.