Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi buyrug’iga binoan kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi tasdiqlandi.

Kripto-birja — kripto-aktivlarni (qimmati va egasi bo‘lgan blokcheyndagi yozuvlar majmui) ayirboshlash, sotib olish va sotish uchun elektron maydonchadan iborat bo‘lgan tashkilot.

Qimmatli qog‘ozlar, birjalar va birja faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlari kripto-aktivlar va kripto-birjalar aylanmasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Nizomga muvofiq, kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi.

Kripto-birjalar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya faqat O‘zbekistonda sho’ba yoki boshqa korxonalarni ochish yo‘li bilan faqat xorijiy yuridik shaxslarga beriladi, hamda litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza 30 kunlik muddatda ko‘rib chiqilib, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Ariza berilgan sanada pul mablag‘lari ko‘rinishida kamida 30 000 EKIH miqdorida shakllantirilgan ustav fondi mavjud bo‘lishi, shundan 20 000 EKIH O‘zbekiston tijorat bankidagi alohida schyotga zaxira sifatida qo‘yiladi.

Ilgari Spot O’zbekistonda kripto-birjalarga qo’yiladigan talablar haqida yozgan edi.