Investorlar Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirlanmoqdalar, deyiladi The Wall Street Journal’dagi materialda. Nashr investorlar o‘rtasida mamlakat shu kunlarda joylashtirgan yevroobligatsiyalari to‘g‘risida qanday fikrda ekanliklari haqida so‘rov o‘tkazdi.

Umuman olganda munosabat ijobiy — investorlar O‘zbekiston nihoyat ochilganini, buning ustiga hozir xalqaro kapital bozoriga kirishning ayni vaqti ekanini, negaki, rivojlanayotgan bozorlarda ayni vaqtda vaziyat murakkab bo‘lsa-da, bu yerda ko‘plab imkoniyatlar ochilishini qayd etmoqdalar.

Shu bilan birga O‘zbekiston taqdim etayotgan aktiv e’tiborni tortadi, chunki bu yerda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda, YaIMnig o‘sishi dinamikasi va ijobiy demografik holat kuzatilmoqda.

Biroq shuningdek, shubhali qarashlar ham mavjud. Xususan, investorlar payshanba kuni savdo boshlangandan keyin O‘zbekistonning har ikki obligatsiyasi narxi tushib ketgani, ya’ni o’n yillik qog‘oz 99,77 sent darajasida bo‘lgani holda, besh yillik qog‘oz bir dollar uchun 99,66 sent bo‘lganiga e’tibor qaratmoqdalar.

So‘rovda qatnashgan investorlar shuningdek Xitoy iqtisodiyotining zaiflashishi O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishini to‘xtatib qo‘yishi mumkinligidan ham havotirlanmoqdalar, chunki ayni Xitoy mamlakatning asosiy savdo hamkori hisoblanadi.

Yana bir xavotir AQSH Rossiyaga qarshi tayyorlayotgan yangi sanksiyalar bilan bog‘liq. Ularni “ajdarho”, tashabbusning o‘zini esa “do‘zahdan sanksiyalar” (bill from hell) loyihasi deb atashga ulgurishdi.

AQSH senatorlar guruhi bu qonun loyihasini o‘tgan yil yozida o‘tkazishga harakat qilishdi. Yangi, yanada qattiq versiyada, bu o‘rinda so‘z investorlar uchun Rossiya davlat qarzlari bo‘yicha Rossiya energetika kompaniyalari va banklari, shuningdek ko‘plab boshqa tuzilmalarga qarshi sanksiyalar bo‘yicha cheklovlar to‘g‘risida bormoqda.

Sanksiyalar kuchga kirishi uchun AQSH kongressi qonun loyihasini ma’qullashi va prezident Donald Tramp imzolashi lozim. Bu fonda Rossiya rubli 13 fevral kuni Moskva birjasi savdolarida keskin pasayishni boshladi. Atigi bir soat ichida dollar 66 tiyin, yevro esa 63 tiyinga qimmatlashdi.

O‘zbekiston Rossiyadagi ahvolga befarq bo‘la olmaydi, chunki u asosiy savdo hamkorlaridan bo‘lib, bu borada Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2018 yili Rossiya bilan tovar aylanmasi 5,7 mlrd $ ni tashkil etib, uning 2,1 mlrd $ i eksport, 3,5 mlrd $ i esa import hissasiga to‘g‘ri keldi.

Bundan tashqari, Rossiya O‘zbekistonga asosiy xorijiy valyuta yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Faqat to‘qqiz oy davomida Rossiyadan O‘zbekistonga 3 mlrd $ (2018 yil davomida jami qancha xorijiy valyuta jo‘natilganini Rossiya Markaziy banki ma’lum qilishga ulgurganicha yo‘q, biroq bu ma’lumot yaqin vaqt ichida e’lon qilinadi) o‘tkazildi.

O‘zbekiston shuningdek Rossiyadagi mehnat muhojirlari miqdori bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi — 2018 yilning yanvaridan sentyabrigacha bu mamlakatga O‘zbekistonning 3,4 mln nafar fuqarosi borgan bo‘lib, ulardan 1,5 mln kishining maqsadi ishlash bo‘lgan. Taqqoslash uchun: ikkinchi o‘rinda Tojikiston turadi, bu mamlakatdan Rossiyaga 1,7 mln kishi borgan, ular orasida ishlash maqsadidagilar 790 kishi atrofida bo‘lgan.

Buning ustiga O‘zbekistondan Rossiyaga vaqtincha migratsiya hajmi shu qadar o‘sdiki, 2015 yilgi ko‘rsatkichlar tiklandi — 2918 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra Rossiyada O‘zbekistonning 1,8 mln. nafar fuqarosi bo‘lgan. Taqqoslash uchun: 2017 yilning 1 dekabrida 1,7 mln kishi, 2016 yilda esa 1,5 mln kishini tashkil qilgan.

Bularning barchasidan tashqari, O‘zbekiston mamlakatdagi horijiy valyutaga bo‘lgan talabni, jumladan chetdan pul o‘tkazmalari hisobiga qoplaydi, bu borada barcha pul o‘tkazmalarining 77%i Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

2018 yili xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy yillik ehtiyoj 10,4 mlrd $ ni tashkil qildi, bu esa 2017 yildagi ko‘rsatkichlardan 1,5 baravar ortiqdir. Bu talab eksport tushumlari, intervensiyalar va pul o‘tkazmalari hisobiga qoplangan bo‘lib, ular 5,1 mlrd $ ni tashkil qildi. Bularning barchasi 2018 yili almashuv kursidagi keskin tebranishlarni bartaraf etish imkonini berdi va milliy valyuta atigi 2,7% ga qadrsizlandi.

O‘zbekiston tobelik bilan bog‘liq xatarlar bo‘yicha o‘ziga hisob beradi va Rossiyadagi iqtisodiy ahvolning yomonlashishini mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning muqobil (xavfli) ssenariysiga kiritdi. Markaziy bank kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni sanab o‘tadi — xalqaro pul o‘tkazmalari va eksportning qisqarishi, bu valyuta bozoridagi takliflar qisqarishiga, milliy valyuta devalvatsiyasi kuchayishiga, so‘m ulushlari miqdori qisqarishi va inflyatsiya bosimi o‘sishiga olib keladi.

Bu holatda Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi tebranishlarni yumshatish, pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish va bank tizimida so‘mdagi omonatlar jozibadorligini oshirib, likvidlikni pasaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish niyatida. Bular oqibatlarni yumshatish imkonini berishi kutiladi.

Shunisi ham borki, “do‘zah sanksiyalari” loyihasini aynan uni tayyorlagan shaklda qabul qilinishiga ham ishonish qiyin. Masalan, 15 fevraldayoq ma’lum bo‘ldiki, AQSh senatorlari Rossiya davlat banklariga qarshi potensial sanksiyalarini yumshatdilar, shunday ekan, loyihaning yakuniy matni u qadar dahshatli bo‘lmasligi ham mumkin, xali albatta, agar uni umuman qabul qilsalar.