Ma’lumki, 2020 yil 1-maydan boshlab avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilingan bo‘lib, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida (AYoQSh) avtomobil benzini chakana narxi raqobat sharoitida, ya’ni bozor kon’yunkturasidagi talab va taklifdan hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan kelib chiqqan holda, erkin shakllanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30 dekabrdagi O‘RQ-659-son Qonuniga muvofiq quyidagi neft mahsulotlari va yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalariga joriy yil 1-fevraldan o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Bu haqda “O'zbekneftgaz” axborot xizmati xabar beradi.

Neft mahsulotlariga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna Ai-80 benzini: amalda — 200 000 so‘m, 1-fevraldan — 240 000 so‘m (o‘zgarish 40 000 so‘m yoki 20%);
  • 1 tonna Ai-90 va undan yuqori markali benzini: amalda — 250 000 so‘m, 1 fevraldan — 275 000 so‘m (o‘zgarish 25 000 so‘m yoki 10%);
  • 1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda — 200 000 so‘m, 1-fevraldan — 240 000 so‘m (o‘zgarish 40 000 so‘m yoki 20%);
  • 1 tonna EKO dizel yoqilg‘isi: amalda — 180 000 so‘m, 1-fevraldan — 216 000 so‘m (o‘zgarish 36 000 so‘m yoki 20%).

Yakuniy iste’molchiga sotiladigan tovarlarga solinadigan aksiz soliq stavkalari:

  • 1 tonna benzin: amalda — 378 480 so‘m, 1-fevraldan — 465 530 so‘m (o‘zgarish 87 050 so‘m yoki 23%);
  • 1 tonna dizel yoqilg‘isi: amalda — 346 275 so‘m, 1-fevraldan — 425 918 so‘m (o‘zgarish 79 643 so‘m yoki 23%).

Yuqoridagi o‘zgarishlar Ai-80 benzini misolida ko‘rilganida, AYOQShlarda o‘rtacha narx tarkibidagi mavjud soliq va boshqa majburiy to‘lovlar o‘rtacha 110 so‘mgacha (QQS bilan) bo‘lgan miqdorda chakana narxiga ta’sir qilishi mumkin.

Avvalroq Spot, 1-yanvardan boshlab ba’zi tovarlarga aksiz solig’i bekor qilinganligi haqida xabar bergan edi.