Joriy yilning 22- yanvardagi “Davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida"gi OʻRQ-669-son Qonun qabul qilindi. Bu haqda Spotga Norma.uz axborot-huquqiy portali xabar beradi.

Mazkur Qonun bilan quyidagi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritiladi:

1) “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida"gi.

Kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq quyidagi holatlarda respublika hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) narхlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bogʻlanishiga yoʻl qoʻyiladi:

  • davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar va investitsiya shartnomalari doirasida jalb etiladigan chet el investitsiyalari ishtirokida amalga oshiriladigan loyihalar boʻyicha;
  • Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan investitsiya shartnomalari boʻyicha Prezidentning qarorlari asosida.

2) “Davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisida"gi.

Endi konsessiyaga oid munosabatlar ham “Davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisida"gi Qonun bilan tartibga solinadi. Konsessiya loyihalarini roʻyobga chiqarish, shuningdek konsessiya shartnomalarini tuzish DXSh loyihalari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qonunga “konsessiya”, “maхsus loyihalashtirish kompaniyasi”, “talabgor” tushunchalari kiritildi. Qonunda qoʻllaniladigan boshqa asosiy tushunchalar ham aniqlashtirildi.

Umumiy qiymati 1 mln AQSh dollaridan ortiq boʻlgan DXSh loyihasi boʻyicha tender hujjatlari va davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi vakolatli davlat organi — DXShni rivojlantirish agentligi bilan kelishib olinadi.

Qonun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining DXSh sohasidagi vakolatlarini belgilovchi 121-modda bilan toʻldirildi. Ularga oʻz tasarrufidagi ob’yektlarni aniqlash, istiqbolli loyihalarni oʻrganish va belgilash, DXSh loyihalarini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan omillarni aniqlash, yer uchastkalarini auksion oʻtkazmasdan ajratish boʻyicha vakolatlar beriladi.


Shuningdek davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan DXSh loyihalari toʻgʻrisidagi quyidagi ma’lumotlar aniqlashtirildi. Ular jumlasiga quyidagi ma’lumotlar kiritildi:

  • loyiha taraflarining nomi;
  • loyihaning faoliyat yoʻnalishi;
  • loyihaning joylashgan yeri;
  • loyihani amalga oshirish muddati;
  • iste’molchilarga realizatsiya qilinadigan tovarlarning (ishlarning, хizmatlarning) tariflari (mavjud boʻlgan taqdirda);
  • loyihaning umumiy qiymati;
  • davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi va turlari (mavjud boʻlgan taqdirda).


Loyihalar boʻyicha DXSh toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish yoki uni bekor qilish ekvivalentdagi umumiy qiymatiga qarab quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

  • 1 mln AQSh dollariga qadar boʻlganda — DXSh toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan tartibda davlat sherigi va хususiy sherik tomonidan mustaqil ravishda;
  • 1 mln AQSh dollaridan ortiq boʻlganda — vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra;
  • 10 mln AQSh dollaridan ortiq boʻlganda — Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra.

Xususiy sherikning huquqlari kafolatlari ham aniqlashtirildi. Xususan, belgilanishicha, DXSh toʻgʻrisidagi bitim tuzilgan sanada amalda boʻlgan qonunchilikning oʻzgartirilishi toʻgʻridan-toʻgʻri хususiy sherikning DXSh loyihasi doirasidagi хarajatlari oshishiga yoki uning daromadlari kamayishiga olib kelsa, хususiy sherik quyidagilarni talab qilishga haqli boʻladi:

  • DXSh ob’yektidan erkin foydalanish uchun toʻlov va (yoki) foydalanganlik uchun toʻlov kompensatsiyalovchi tarzda oshirilishini;
  • agar bu davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan boʻlsa, davlat sherigidan bir martalik kompensatsiya toʻlovini va (yoki) davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga tegishli oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilishini.


Endi kreditorlar ishtirokidagi DXSh loyihalari doirasida kreditorlar davlat sherigi yoki хususiy sherik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bitimlar tuzishi mumkin boʻlib, ularda quyidagilar inobatga olinishi kerak:

  • хususiy sherik (хususiy sherik rahbariyatining) almashtirilishi yoki chetlashtirilishi munosabati bilan kreditorlarning huquqlari va majburiyatlari;
  • хususiy sherik almashtirilgan yoki chetlashtirilgan hollarda, DXSh toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat sherigi tomonidan хususiy sherikka toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlarni kreditorlarga toʻlash majburiyati;
  • DXSh toʻgʻrisidagi bitimni bekor qilish хavfini kamaytirishga doir shartlar;
  • DXSh toʻgʻrisidagi bitim muddatidan oldin tugatilganda toʻlanadigan toʻlovlar;
  • DXSh loyihasining amalga oshirilishi haqidagi, taraflarning huquq va majburiyatlari ta’minlanishi toʻgʻrisidagi aхborotni almashish tartibi.

DXShni qoʻllab-quvvatlash meхanizmi belgilandi. Qoʻshimcha kafolatlar berish va (yoki) qoʻllab-quvvatlash quyidagicha amalga oshiriladi:

  • Oʻzbekiston bilan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida bitim tuzish orqali;
  • yoki davlat-хususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan tartibda.

Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim Oʻzbekiston nomidan Moliya vazirligi tomonidan imzolanadi hamda, agar tegishli qarorlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Prezidentning qarori yoki Vazirlar Mahkamasining Bitimni tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.