Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Premium capital group” mas’uliyati cheklangan jamiyati poyafzal mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona hisoblanadi. Davlat bojxona qo’mitasi ma’lumotlariga ko’ra kompaniya chet davlatlarga o’z mahsulotlarioni eksport qilishni boshladi.

Ma’lumot uchun: Korxona dastlab o‘z faoliyatini 2012-yilda 5 nafar ishchi bilan boshlagan. Korxona asoschisi 2015-yilda Xitoy Xalq Respublikasidan zamonaviy texnologik uskunalar olib kelib, o‘z faoliyatini yanada kengaytirdi. Hozirgi kunda korxonada 100 nafardan ziyod ishchi xodimlar mehnat qilmoqda. Kuniga o‘rtacha 500 juft turli xildagi poyafzallar ishlab chiqarilmoqda.

Korxonada ishchi xodimlarga barcha qulayliklar yaratilgan.

Poyafzal ishlab chiqarishda mahalliy xomashyo mahsulotlaridan foydalanilmoqda. Tayyor mahsulotlar ichki bozorni ta’minlash bilan birga, chet davlatlariga ham eksportga jo‘natilmoqda.

— Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni eng avvalo sifatiga katta e’tibor qaratamiz — deydi, “Premium capital group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Muftillayev, — Sifatli va bejirim mahsulotlarimizga chet davlatlarda xaridor ko‘p. Ayni kungacha 400 ming AQSH dollarilik mahsulotlarni eksport qilishga erishdik. Eksportda bojxonada yaratilgan qulayliklar as qotmoqda.

Tadbirkor yaqin kunlarda poyafzal ishlab chiqarishga mo‘ljallangan navbatdagi yangi loyihani ishga tushirish arafasida. Loyiha doirasida olib kelingan uskuna va ehtiyot qismlar “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar qo‘llanilgan holda qisqa fursatda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib berildi.